O‘zbekiston qadimdan ilmu ma’rifat markazi, madaniyat o‘chog‘i bo‘lib kelgan. Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy-ma’naviy merosi, jahon ilm-fani, sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan bebaho hissasi dunyo olimlari hamda jahon hamjamiyati tomonidan hamisha yuksak e’tirof etiladi.
Keyingi yillarda allomalarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasiga munosib baho berish borasida izlanishlar olib borish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston yangidan yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Xususan, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan diniy sohada olib borilgan tub islohatlar natijasida xalqaro doirada e’tirof etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, sohadagi turli xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabilar tashkil etilgani, shuningdek Imom Termiziyning tavalludining 1200 yilligini nishonlashi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingani izchillik bilan amalga oshirilayotgan tariximizni qayta tiklash, uni ilmiy, tarixiy va hayotiy haqiqat nuqtayi nazaridan turib yangitdan talqin etish jarayonining mantiqiy davomidir. Tabiiyki, ulardan unumli foydalanish xalqimizga ma’naviy kuch-qudrat baxsh etadi, g‘ururini uyg‘otadi.
Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash doirasida joriy yilning oktyabr oyida dastlab Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda ushbu konferensiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi.
Ushbu anjumanni o‘tkazishdan maqsad, muqaddas dinimizning ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qarorga muvofiq Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish ishlari amalga oshiriladi. Bu orqali xalqimiz buyuk bobomizning ilmiy merosi, islom dinining asl ta’limotlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining ko‘rgazmalari tashkil etish orqali soha vakillari, yurtimiz aholisi, yoshlar va sayyohlarning Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatini chuqur o‘rganish, ularga bo‘lgan e’tiborni oshishida xizmat qiladi.
Imom termiziy tavalludini nishonlash chora tadbirlari doirasida barcha termiziy allomalarning ilm-fanga qo‘shgan beqiyos ilmiy asarlarini o‘rganish va keng targ‘ib qilishni nazarda tutgan tadbirlar ham amalga oshiriladi. Jumladan, “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazilishi qarorda o‘z aksini topgan.
Ushbu ma’rifiy tadbir doirasida Imom Termiziy hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ilmiy maqolalar tanlovi o‘tkaziladi. Imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” tanlovi, davra suhbatlari o‘tkaziladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining ustoz va talabalari Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqola va media mahsulotlar tayyorlab, ularni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish ishlarini boshlab yuborganini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Jumladan, shu kunga qadar, alloma hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ellikdan ziyod materiallar tayyorlanib, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Bir so‘z bilan aytganda buyuk mutafakkir allomlarimizning ilmiy asarlari davrlar o‘tishi bilan ahamiyatini yo‘qotmaganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni bizu siz yashab turgan shu kecha kunlarimizda ham ushbu ilmiy meroslarga murojaat qilish, o‘rganish, keng targ‘ib etib, hayotga tatbiq qilishga ehtiyoj sezilmoqda. Imom Termiziyning o‘zlari “Sunani Termiziy” asari haqida: “Ushbu kitobni tasnif qilganimdan keyin, uni Hijoz, Iroq va Xuroson ulamolariga taqdim etdim. Ular rozilik bildirib, qabul qildilar. Kimning uyida bu kitobdan bo‘lsa, o‘sha xonadonda Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) gapirayotgandek bo‘lur”, degan edilar. Shu boisdan Imom Termiziyning hayoti va merosi dunyoning turli burchaklarida yashovchi, dini va millatidan qat’iy nazar, ko‘plab olimlarning ilmiy izlanishlari mavzusiga aylangan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloma merosi, nafaqat islom tafakkuri va tarixi sahifalarini yoritishda, balki, butun insoniyatni doimiy ravishda bezovta qilib kelgan savollarga javob izlashda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shunday ekan Imom Termiziyning tavallud sanalari munosabati bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan barcha chora tadbirlar xalqimiz va butun dunyo aholisi uchun manfaatdan xoli bo‘lmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Zayniddin domla Eshonqulov
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati