Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh aytadilar:
“Agar hayotda biror musibat yoki qiyinchilikka duch kelsangiz Allohdan yordam so‘rang. “Allohim, menga ofiyat ber, bu balo-ofatni, muammoni mendan ketkazgin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimga tavfiq bergin”, deb iltijo qiling.
Har kuni kechasi o‘z nafsingiz va amallaringizni hisob-kitob qilishga odatlaning. Uyquga yotishdan oldin: “Allohim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu-bu sunnatlariga amal qilmoqchiman, lekin nafsim ustidan g‘olib kela olmayapman, nafsimni yengishga va Rasuling alayhissalomning sunnatlariga amal qilishimga kuch-quvvat ber. Albatta, Sen har bir ishga Qodir Zotsan”, deb duo qiling.
Shunday duo qilish siz uchun qiyinmi? Unga qancha vaqtingiz ketadi?
Tasavvur qiling, Qiyomat kuni butun olamlarning Robbi – Allohning huzurida turibsiz. Alloh sizdan falon-falon amallarga nima uchun amal qilmaganingizni so‘rasa, siz sharoitingiz yoki vaqtingiz bo‘lmaganini aytasizmi? Shunda Alloh taolo sizdan: “Nega Mendan yordam so‘ramagansan? Qur’oni karimda har bir ishga Qodir ekanimini bildirmadimmi? Har qanday holatni o‘zgartirish Mening qudratim va iznim ila bo‘lishi bilmasmiding?” desa nima deb javob berasiz?
Ustozim menga “Alloh bilan ko‘p muloqot qilgin” deb aytardi. Bu gaplashish duodan ko‘ra farqlidir. Unda Siz Allohdan har bir holatingiz uchun yordam so‘raysiz. “Allohim, bu ishni qilishga O‘zing menga yordam ber, agar uddalay olmasam Qiyomat kuni meni bu uchun hisob-kitob qilma. Allohim, menga kuch-quvvat ber, meni bu gunohdan O‘zing asra, Sen asramasang men qutila olmayman. Qiyomat kuni meni jazolama. Men faqatgina Senga suyanaman” deb Allohga ojiz ekaningizni ma’lum qilasiz. Alloh albatta duolaringizni eshitadi va qabul etadi. Eng muhimi – Qiyomat kuni “Allohim men Sendan yolvorib so‘raganman, meni jazolama, mag‘firat et” deb ayta olasiz. Shunday ekan, hamisha Allohdan so‘rang, aslo noumid bo‘lmang!”.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan imom-xatiblar ishtirokida “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Tashrif avvalida ishtirokchilar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Unda diniy-ma’rifiy faoliyatda zamonaviy yondashuvlar, milliy va diniy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni yosh avlodga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga “Men” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular yurtimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar, islom ilm-fani taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga oid tarixiy manbalar, noyob eksponatlar hamda zamonaviy multimedia yechimlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va turli davrlarga oid nodir Qur’on nusxalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri Markazning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyati bilan tanishish bo‘ldi. Jumladan, mehmonlarga kutubxona faoliyati, uning fondidan o‘rin olgan ilmiy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, elektron axborot resurslari hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markazning ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ushbu platformaning asosiy vazifasi — islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish, jahonning nufuzli ilmiy muassasalari, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar hamda olimlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekani tushuntirildi.
Mazkur platforma xalqaro ilmiy muloqotlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va taqdimotlarni tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish uchun zamonaviy maydon vazifasini bajaradi. U orqali Markazda jamlangan tarixiy manbalar va ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga yetkazish, shuningdek, O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonda keng tanitish imkoniyatlari yaratilgan.
Shodlik Boynazarov, Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Xon Ismoil Jo‘rjoniy masjidi imom-xatibi:
Bu yerda faqatgina muzey bilan cheklanib qolinmagan. Ilmiy yo‘nalishlar, diniy qadriyatlarimiz, islom dinining shakllanishidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, buyuk ulamolarimiz hayoti va ularning asarlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Bunday markazning barpo etilishi yurtimiz kelajagi, ayniqsa, yosh avlod uchun katta ilmiy va ma’naviy meros hisoblanadi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Qangli jome masjidi noib imomi esa Markazda yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, xususan, ekspozitsiyalar va ko‘p tilli axborot tizimining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, Markaz orqali milliy qadriyatlar, diniy meros va buyuk allomalar hayoti haqida turli tillarda ma’lumot olish, ularni chuqur o‘rganish mumkin. Ayniqsa, Qur’oni karim zalidagi “Alaqa” surasi ilk oyatlaridan boshlanib, “Fotiha” surasi tilovati bilan davom etadigan taqdimot unda katta taassurot qoldirgan.
Normamat Ramazon, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi:
Ulamolarimizning hayoti va ilmiy merosi, qo‘lyozma kitoblar, shuningdek, Qur’oni karim zalidagi Usmon mus'hafi bilan tanishib, juda katta taassurot oldik. Bu yerda har bir tafsilotga alohida e’tibor qaratilgan. Yurtimizda bunday ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotgani biz, diniy soha vakillari uchun ham katta imkoniyat.
Ta’kidlash joizki, “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasidagi bunday uchrashuv va ma’rifiy tashriflar diniy soha vakillarining tarixiy meros, islom ilm-fani va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqidagi bilimlarini boyitish, shuningdek, milliy va diniy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati