Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo‘ladi. Bunga quyidagi ma’lumotlar dalil qilib keltirganlar:
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning yetmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).
Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.
Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo‘lamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta’kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo‘lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba’zan ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma’lum emas.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.
Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.
عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».
Zuhriydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.
Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.
Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.
Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz