Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida sayyor yig‘ilishlar, ma’rifiy tadbirlar, hojilar bilan birgalikda ma’naviyat targ‘iboti ishlari faol olib borilmoqda.
Shu yil 7 oktyabr kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida imom-xatiblar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov faoliyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berish borasida amalga oshiriladigan amaliy ishlarni tushuntirdi.
Shundan so‘ng ishchi guruh a’zolari, imom-xatiblar, otinoyilar, faol hojilar birgalikda mahallalardagi ehtiyojmand, notinch xonadonlarga kirilib, ularning muammolari o‘rganilib, taklif, fikr-mulohazalari tinglandi. Natijada kun davomida 150 ta oilaga kirilib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Xususan, notinch bo‘lib turgan 20 ta oilaga nasihat qilinib, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Shuningdek, 50 ga yaqin yot g‘oyalar va giyohvand moddalar ta’siriga tushib qolgan kishilar bilan suhbatlashilib, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatildi. Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan va bemor kishilar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, yaxshi so‘zlar bilan ularning ko‘ngli ko‘tarilib, dori darmon, oziq-ovqat, kiyim-kechaklar ulashildi, moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Mazkur xayrli ishlar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev