O‘zbekiston Respublikasida oila, onalik, otalik va bolalik davlat himoyasidadir. O‘zbekiston Respublikasida onalik va otalik izzat-ikromga hamda hurmatga sazovordir” (O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi. 4-modda).
Islom dini ko‘rsatmalari doimo voqe’likka mos tarzda bo‘lgan. Shuning uchun dinimiz ko‘rsatmalarida insonning kundalik turmush tarzining hech bir sohasi e’tibordan tashqarida qolmagan.
Shuningdek, shariat ahkomlarida hech qachon bir taraflama yondashish va qaysidir martabadagi insonlarga alohida tarafkashlik bo‘lmagan. Har bir muomala har tomonlama mukammal tarzda tartibga solingan.
Islom dini hukmlari mislsiz adolatga asoslangan.
Adolat esa har narsaning me’yoridir. Alloh subhonahu va taolo bizlarni har bir ishda adolat bilan hukm chiqarishimizga buyurgan: “Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qiladir. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va’z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Islom har bir javobgar shaxsni adolatga o‘z me’yorida rioya qilishga chaqiradi. Alloh taoloning har tasarrufoti adolatga asoslangan. Shariatimizda bandaga toqatidan tashqari zulm qilinmaydi, balki adolat ila toqatiga yarasha amal qilishga buyuriladiki, toki jamiyat omonlik va barqarorlikni his qilsin. Toki amallar va obodonlik uchun vaqt ajratsin.
Jumladan oila masalasida farzandning vujudiga sababchi bo‘lgan ota va onaning hurmat-ehtiromi bayon qilinishi bilan birga farzandning ham ota-ona zimmasidagi haqlarga e’tiborsizlik qilinmagan. Chunki Islom dini ko‘rsatmalari buyuk ilohiy dastur erur.
Shubhasizki, ota-onalar farzandlarning dunyoga kelishining asosiy sababchilaridir. Ular farzandining rohati uchun bor-yo‘g‘ini nisor aylagaylar. Farzandlarining baxtu-saodati va farog‘atlari uchun bor-budini fido qilurlar. Alloh subhonallohu va taolo bunday marhamat qiladi: “Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga yaxshilik qilinglar” (Niso surasi, 36-oyat).
Ota-ona haqlarini aytib tugata olmaymiz, lekin farzandning ham shariatimiz ko‘rsatmalariga muvofiq haqlari borki, kimki bunga rioya qilmasa nafaqat o‘z jigarbandiga, balki butun jamiyatga xiyonat qilgan bo‘lur.
Holbuki farzandlarimiz nafaqat bizning naslimizning davomchilari, balki butun jamiyatning kelajagi hamdir. Kelajak avloda oldida, jamiyat oldida, yurt oldida va Vatan oldida har birimiz o‘z farzandalrimiz uchun mas’uldirmiz.
Shahobiddin PARPIYEV,
Asaka tumanidagi "Muhammadsolih" jome masjidi imom-xatibi.
Bugun, 2 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Prezident Abdulfattoh as-Sisi homiyligida hamda Butunjahon fatvo idoralari va hay’atlari Bosh kotibiyati tashabbusi bilan nufuzli xalqaro anjuman o‘z ishini boshladi.
"Global o‘zgarishlar sharoitida oilaviy masalalar: oilani himoya qilish, uning kelajagi va milliy-diniy o‘zlikni asrashda fatvo yondashuvlari" mavzusidagi mazkur ilmiy anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etmoqda.
Ikki kun davom etadigan xalqaro yig‘inda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi muftiylar, taniqli ulamolar, xalqaro islomiy tashkilotlar rahbarlari, davlat va jamoat arboblari hamda soha mutaxassislari qatnashmoqda.
Anjuman kun tartibidan zamonamizning quyidagi eng dolzarb masalalari o‘rin olgan:
– Globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida oila instituti duch kelayotgan muammolarning ilmiy tahlili;
– Zamonaviy oilaviy inqirozlarni puxta tadqiq etish va ularga shar’iy hamda amaliy yechimlar topish;
– Virtual muhitning oilaviy munosabatlarga ta’sirini o‘rganish hamda ularni mustahkamlash yo‘llari;
– Milliy-diniy o‘zlikni saqlash va zararli media kontentlarga qarshi kurashda jamoaviy fatvolar ishlab chiqish.
Xalqaro anjuman tafsiloti bilan saytimiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali tanishib borishingiz mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati