“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan homiylar ko‘magida Jizzax shahrida joylashgan “Al qasr” bazmgohida katta xayriya tadbiri tashkil etildi. Shu kuni “60 kabutar” loyihasi asosida ushbu majmuaga viloyatning turli hududlarida istiqomat qilib kelayotgan, turli sabablarga ko‘ra ota-onasidan ayrilgan, boquvchisi bo‘lmagan, ko‘chada qolgan 63 nafar bolalar jam bo‘lishdi.
Bazmgohda bolajonlar uchun to‘kin dasturxon yozilib, ularga turli sovg‘alar ulashildi. Tadbir davomida bayramano kiyingan 30 nafar qiz va 33 nafar o‘g‘il bolalar tom ma’noda o‘ynab kulishdi, dillari xushnud bo‘ldi. Mehrga zor, dillari o‘ksik bolalar haqiqiy mehrni his qilishdi.
Shuningdek, ularning orzu-istaklariga qarab, bolajonlarga 17 ta noutbuk, 2 ta skuter, 15 ta smartfon, 18 ta velosiped, turli o‘yinchoqlar, maishiy texnikalar, sifatli ta’lim olishi uchun stol-stul, printer va rasm chizadigan doska(malbet)lar, bitta ot berildi. Bolalarning har biriga 13 million so‘mdan pul mablag‘i topshirildi.
Bundan tashqari, chin yetimlarni o‘z qaramog‘iga olgan, ular tarbiyasiga mas’ul bo‘lgan vasiylarning 11 nafariga umra yo‘llanmalari ajratildi.
Chin yetimlarga bir olam quvonch baxsh etgan, ularga mehr-muhabbat ulashgan muruvvatli homiylarimizdan Alloh taolo rozi bo‘lsin! Bu ezgu amallari uchun ularni O‘zi ulkan ajr-savoblar bilan mukofotlasin.
Imkon borida ehson qilishga shoshiling. Boquvchisi yo‘q, nochor oilalarga qo‘lingizdan kelgan yordamni ayamang. Telefoningizdan osongina ehson qiling.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi
Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati