Yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish ham dinimiz talabi, ham milliy qonunlarimiz in’ikosidir. Zero, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom: «Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimiz haqlariga rioya qilmagan kishi bizdan emas», deb marhamat qilganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov poytaxtimizdagi Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga tashrif buyurib, u yerda doimiy yashayotgan o‘zgalar ko‘magiga muhtoj keksa otaxonu onaxonlar holidan xabar oldilar.
Abduqahhor domlani Farangiz Akramova kutib oldi.
Vazirlar Mahkamasining "Keksalar haftaligi" doirasida o‘tkazilayotgan ushbu tadbir yoshi ulug‘larimizni mamnun etmoqda.
Shundan so‘ng otaxonu onaxonlar e’zozu ehtirom ila maxsus avtobuslarda «Tashkent city» ko‘ngilochar maskaniga olib borilib, sayohat uyushtirildi.
Yoshi ulug‘ insonlar poytaxtimizning qoq markazidagi obod maskanlarni aylanib, tomosha qilib, ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarildi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodlik ishlariga yuksak baho berib, bu ezgu ishlarning boshida turgan aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qildilar.
So‘ngra aziz mehmonlar «Rayhon» milliy taomlari oshxonasida tushlik qilishdi.
Avtobuslarda yoshi ulug‘ insonlar yana o‘z manzillariga yetib olishdi. Ularga Toshkent shahar vakilligi jamoasi tomonidan sovg‘alar, hadyalar ulashildi.
Ha, keksalarimizning holidan xabar olish, ularning xizmatini qilish – katta savob. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishdan banda-ku sevinadi, Yaratgan ham rozi bo‘ladi.
Alloh taolo xayrsevar insonlardan rozi bo‘lsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati