Qanday so‘rov, istakingiz bo‘lsa yolg‘iz Allohdan so‘rang, buyuk Robbingizga yuzlanib, qabul bo‘lishiga aslo shubha qilmagan holda duo qiling. Alloh taolo har bir ishga qodirdir.
O‘tgan solihlardan biri aytadi: “Allohga shu qadar ishonch bilan duo qilamanki, agar tog‘ning silkinishini so‘rab duo qilsam, o‘sha zahoti tog‘ silkinishiga ishonaman”.
Har bir ishga Qodir bo‘lgan Alloh taologa ishonchingiz qani?
Boshiga mushkul tushgan, yordamga muhtoj bo‘lgan, kasalxonada o‘lim bilan kurashayotgan, og‘ir kasallikka chalingan, o‘zining muammosidan boshqa kattaroq muammo yo‘q deb bilgan ey banda Alloh seni eshitib turganiga va duoingni albatta qabul etishiga to‘liq ishongan holda duo qil! Albatta, Alloh eshitadi, duolaringni qabul etadi, bunga shak-shubha yo‘q!
Sizga bir kichik sirni oshkor qilaymi?
Juma kunida shunday bir vaqt borki, Allohdan nimani so‘rasangiz albatta beradi. O‘tgan solihlar bu soatni hech qachon qo‘ldan boy bermasdilar. Ular: “Agar odamlar bu vaqtda duolar ijobat bo‘lishini bilishganida edi, uni hech qachon o‘tkazib yubormasdilar”, deb aytishardi.
Olimlardan biri aytadi: “Juma kuni asr bilan shom orasida duo qilganimda Robbim duolarimni ijobat qilaverdi. Hatto Robbimdan biron narsa so‘rashga uyaladigan bo‘lib qoldim”.
Uyda, ko‘chada, masjidda yoki mashinangizda bo‘lsangiz ham juma kuni ko‘p duo qiling. Allohdan nimani so‘ramoqchi bo‘lsangiz so‘rab qoling!
Albatta, duoning qabul bo‘lishi faqatgina juma kuni bilan cheklanib qolmaydi. Lekin shunday vaqtlar borki, unda qilingan duoning ijobat bo‘lish ehtimoli yuqoridir. Masalan, azondan keyin, ramazonda, kechaning uydan birida, qiyinchilik vaqtida qilingan duolar tez ijobat bo‘ladi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yoki muztar (nochor) odam duo qilganda ijobat etib, uning mushkulini oson qilgan hamda sizni yer yuzida xalifa qilgan Zot yaxshimi?! Alloh bilan birga boshqa iloh bormi? Qanchalik oz eslaysizlar-a?!” (Naml surasi, 62-oyat).
Badr jangi kuni 313 nafar musulmon mingga yaqin mushrikka qarshi urushga chiqqanida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taologa tazarru ila yolvorib, duo qildilar: “Allohim, menga bergan va’dangni O‘zing ro‘yobga chiqargin. Allohim, men va’dangdan umidvorman. Allohim, agar ushbu guruh halok bo‘ladigan bo‘lsa, Senga yer yuzida ibodat qiladigan hech kim qolmaydi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Allohga qattiq yolvorib duo qilishlarini ko‘rgan Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh o‘zingizga rahmingiz kelsin, albatta Alloh sizga va’da bergan narsasini ro‘yobga chiqaradi”, dedilar.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qilgan duolarini ijobat etdi: “O‘shanda Robbingizdan madad so‘raganingizda, sizni (so‘rovingizni) ijobat qilib: «Albatta, Men sizlarga ketma-ket keladigan mingta farishta ila madad beruvchiman»,–dedi” (Anfol surasi, 6-oyat).
Ha, Alloh har bir ishga Qodir. U Zot har qanday qiyinchiliklarni yengil qiladi, yopiq eshiklarni ochib qo‘yadi. Alloh eshitayotaniga va albatta qabul etishiga aniq ishonch bilan duo qiling! Allohim menga yaxshiliklar eshiklarini och, mushkullarimni yengil qil deb ayting.
Unutmangki, yolvorib duo qilishingizga qaramasdan duoingiz ijobatining kechikishi umidsizlikka tushishingizga sabab bo‘lmasin. Chunki Alloh taolo sizga siz emas, Uning O‘zi ixtiyor qilgan narsani va siz istagan vaqtda emas, Uning O‘zi istagan vaqtda ijobat qiladi.
Allohim! Rizqim osmonda bo‘lsa, tushirgin. Yerda bo‘lsa, chiqargin. Uzoqda bo‘lsa, yaqin qil. Yaqinda bo‘lsa, oson qil. Oz bo‘lsa, ko‘paytirgin. Ko‘p bo‘lsa, barakotli qilgin.
Alloh duolaringizni ijobat qilsa sizga barcha yaxshiliklar eshiklarini ochib qo‘yadi. Kim Allohdan so‘ramasa, Allohdan yuz o‘girsa, o‘ziga-o‘zi zulm qiladi.
Kim Allohni yo‘qotsa, yana nimani topishi mumkin. Agar kim Allohni topsa, nimani ham yo‘qotadi. Siz butun olamlarning yagona yaratuvchisi bo‘lgan Zotning bandasisiz. Alloh taolo bandalariga nisbatan juda mehribon va rahmlidir.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Toshkent shahri va Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan imom-xatiblar ishtirokida “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasida ma’rifiy tadbir tashkil etildi, xabar bermoqda iccu.uz.
Tashrif avvalida ishtirokchilar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Unda diniy-ma’rifiy faoliyatda zamonaviy yondashuvlar, milliy va diniy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni yosh avlodga yetkazish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga “Men” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Shundan so‘ng imom-xatiblar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazning muzey ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ular yurtimiz hududida shakllangan qadimgi sivilizatsiyalar, islom ilm-fani taraqqiyoti, buyuk allomalar hayoti va ilmiy merosiga oid tarixiy manbalar, noyob eksponatlar hamda zamonaviy multimedia yechimlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ayniqsa, Qur’oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va turli davrlarga oid nodir Qur’on nusxalari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri Markazning ilmiy-tadqiqot va ma’rifiy faoliyati bilan tanishish bo‘ldi. Jumladan, mehmonlarga kutubxona faoliyati, uning fondidan o‘rin olgan ilmiy adabiyotlar, qo‘lyozmalar, elektron axborot resurslari hamda tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Markazning ikkinchi qavatida joylashgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga ushbu platformaning asosiy vazifasi — islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish, jahonning nufuzli ilmiy muassasalari, tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar hamda olimlar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ekani tushuntirildi.
Mazkur platforma xalqaro ilmiy muloqotlar, konferensiyalar, davra suhbatlari va taqdimotlarni tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish uchun zamonaviy maydon vazifasini bajaradi. U orqali Markazda jamlangan tarixiy manbalar va ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga yetkazish, shuningdek, O‘zbekistonning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahonda keng tanitish imkoniyatlari yaratilgan.
Shodlik Boynazarov, Xorazm viloyati Xiva tumanidagi Xon Ismoil Jo‘rjoniy masjidi imom-xatibi:
Bu yerda faqatgina muzey bilan cheklanib qolinmagan. Ilmiy yo‘nalishlar, diniy qadriyatlarimiz, islom dinining shakllanishidan bugungi kungacha bo‘lgan tarixi, buyuk ulamolarimiz hayoti va ularning asarlari bilan tanishish imkoniyati yaratilgan. Bunday markazning barpo etilishi yurtimiz kelajagi, ayniqsa, yosh avlod uchun katta ilmiy va ma’naviy meros hisoblanadi.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Qangli jome masjidi noib imomi esa Markazda yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar, xususan, ekspozitsiyalar va ko‘p tilli axborot tizimining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Uning ta’kidlashicha, Markaz orqali milliy qadriyatlar, diniy meros va buyuk allomalar hayoti haqida turli tillarda ma’lumot olish, ularni chuqur o‘rganish mumkin. Ayniqsa, Qur’oni karim zalidagi “Alaqa” surasi ilk oyatlaridan boshlanib, “Fotiha” surasi tilovati bilan davom etadigan taqdimot unda katta taassurot qoldirgan.
Normamat Ramazon, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi:
Ulamolarimizning hayoti va ilmiy merosi, qo‘lyozma kitoblar, shuningdek, Qur’oni karim zalidagi Usmon mus'hafi bilan tanishib, juda katta taassurot oldik. Bu yerda har bir tafsilotga alohida e’tibor qaratilgan. Yurtimizda bunday ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotgani biz, diniy soha vakillari uchun ham katta imkoniyat.
Ta’kidlash joizki, “Uchinchi Renessans chorrahasi” mavzusi doirasidagi bunday uchrashuv va ma’rifiy tashriflar diniy soha vakillarining tarixiy meros, islom ilm-fani va zamonaviy ilmiy tadqiqotlar haqidagi bilimlarini boyitish, shuningdek, milliy va diniy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati