Keyingi asrlarda butun kurrai zaminga keng tarqalgan bir illat bugungi kunda hammamizga tashvish bo‘lmoqda. Bu – giyohvandlikdir.
Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har kimga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan hisoblanadi.
Giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson kamolotiga, imon-e’tiqodiga xavf-xatar solish bilan birga yurtimiz rivoji va taraqqiyotiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Giyohvandlik nafaqat bu illat bilan shug‘ullanuvchilarga, balki butun jamiyatga tahdid soladi.
Farg‘ona viloyatida “Dolzarb oylik” doirasida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Hududlarda bo‘layotgan shu kabi tadbirlarda imom-xatiblar faol qatnashib, dinimiz ta’limotlarida inson salomatligiga e’tibor, giyohvandlik illatining zarari va keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlari xususida aholiga, ayniqsa, yosh avlod vakillariga tushuncha berishmoqda.
Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasidagi targ‘ibot tadbirida “Xo‘jamberdiboy” masjidi imom-xatibi Husniddin Tursunzoda, Buvayda tumanidagi tadbirda tuman bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Nizomov, Qo‘shtepa tumanidagi tadbirlarda tuman bosh imom-xatibi Abduxoshim Ahmadaliyev ishtirok etdi.
Mazkur targ‘ibot tadbirlaridan asosiy maqsad asr muammosi va unga qarshi ko‘rilayotgan choralarni jadallashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni bunday illatlar xataridan ogohlantirishdan iboratdir.
Joylarda bu kabi tadbirlar davom etmoqda.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati