Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 30 ta mamlakatda bir yoshli bolalarning taxminan 10 tadan 6 tasi muntazam ravishda zo‘ravonlikka asoslangan tarbiya asosida voyaga yetmoqda. Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, dunyo bo‘ylab har yetti daqiqada bir o‘smir zo‘ravonlik oqibatida vafot etadi. Qayd etilishicha, nogironligi bo‘lgan bolalar nogironligi bo‘lmagan bolalarga qaraganda zo‘ravonlikni boshdan kechirish ehtimoli deyarli to‘rt barobar yuqori. To‘rtta yosh boladan uchtasi o‘z tarbiyachilari tomonidan muntazam ravishda zo‘ravonlikka asoslangan ravishda tarbiya qilinadi. Maktab yoshidagi bolalarning yarmi - 732 million nafari maktabda jismoniy jazo to‘liq taqiqlanmagan mamlakatlarda yashaydi.
Mamlakatda bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, bolaning hayoti va sog‘lig‘ini, qadr-qimmatini muhofaza qilish, uning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, yosh avlodning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaralmoqda. Bugun bolalar majburiy mehnatiga butunlay chek qo‘yildi, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirildi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi oshirilib, maktab ta’lim tizimi tubdan isloh qilindi. Iqtidorli bolalar o‘zlarini namoyon qila olishlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratildi. Prezident maktablari, maxsus iqtidorli bolalar maktablari, ijod maktablari va “Temurbeklar maktabi” tashkil etilgani ham shular jumlasidan.
Mavjud qonunchilikda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Jumladan, ota-onalar bolalarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishi, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi hamda zararli ta’sir ko‘rsatuvchi axborotdan himoya qilishi shartligi, bolalarni tarbiyalashda ularni jismoniy jazolash taqiqlanishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, zo‘ravonlikka uchragan bolalarga himoya orderi berish va bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordamlar ko‘rsatish lozimligi qayd etilgan.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, zo‘ravonlik tufayli jabrlangan shaxs ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etishi, maxsus markazlarda, shuningdek telefon liniyasi orqali bepul huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olishi mumkin.
Shu bilan birga, zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalarga himoya orderi berish tartibi yo‘lga qo‘yildi. Bu himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan o‘ttiz kun muddatgacha berilishi va vakolatli davlat organi ishtirokida jabrlanuvchiga topshirilishi aytilgan. Agar tahdid hali bartaraf etilmagan bo‘lsa, himoya orderining amal qilish muddati zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining yoki uning qonuniy vakili arizasiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan bir yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilning 31 mayida qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan