frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Vatani bor inson baxtlidir

11.10.2024   9980   3 min.
Vatani bor inson baxtlidir

Vatan – nafaqat inson, balki butun mavjudot – tirik jon uchun o‘ziga xos qo‘nim topadigan maskan. Vatan – eng ko‘p qalamga olingan, sir-sinoatli, serqirra, serjilo go‘sha. Muftiy hazratlari Nuriddin Xoliqnazarovning “Islomda Vatan tushunchasi” nomli kitobida bunday deyiladi: “Vatani bor inson baxtli insondir. Vatani yo‘q inson esa, baxtsizdir”. 


Kim Vatan tushunchasini yaxshi anglab yetmas ekan, uning bag‘rida yashashidan ma’no yo‘qdir. Shunga ko‘ra ulamolarimiz aytadilar: “Vatanning qadriga yetmagan inson, ta’bir joiz bo‘lsa, hayvondan ham, parrandadan ham, hasharotdan ham tubanroqdir”.


2020 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehr” dasturi doirasida xorijdan olib kelingan ayollarimiz va ularning farzandlari samolyotdan tushar-tushmas aziz Vatanimizning tuprog‘ini ko‘z yosh ila o‘pib, bosh ko‘tarmay yig‘laganlarida, qalblar junbushga kelib tit­radi.


“Mehr – 4” dasturi orqali Afg‘onistondan Termizga olib kelingan xorazmlik 2 nafar farzandi bor ayolni kutib oldik. Davlatimiz tomonidan uy-joy, xo‘jalik anjomlari, ki­yim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bir zumda tayyor qilindi. Uy yumushlarini o‘rgatish, farzand tarbiyasi, ruhiy holatiga malham bo‘lish uchun u bilan birga qolar ekanman, erta tongda turib, norasidalarning: “Ayajon, bu yerda bomba portlamaydimi, otishma bo‘lmaydimi?” deya qo‘rquv bilan bergan savoli butun vujudimni muzlatib yuborgan edi. Qizchalar derazalardan boqib: “Juda go‘zal joy ekan, bu yerdan askarlar mashinasi o‘tmaydimi?” deya xavotir bilan savol berib, tinch joyda ekanliklariga haliyam ko‘zlari ishonmay turganini hayajon bilan qayta-qayta gapirishardi.


Alloh taolo bandalari qalbiga Vatanga bo‘lgan muhabbatni jo qilgan. Inson faqat undagina xotirjam bo‘la oladi. “O‘z uying – o‘lan to‘shaging” degan o‘zbek maqoli bejiz aytilmagan.


Shuning uchun ham har bir ota-ona to‘g‘riso‘zlik, halollik kabi yuksak insoniy fazilatlar qatori vatanparvarlik, xalqqa, dinga, musulmonlarga xolis xizmat qilish tuyg‘ularini ham farzandlar qalbiga chuqur singdirishi lozim.


Shuningdek, barcha olimu ulamolar ismlarini Vatanlari nomi bilan bog‘lab nisbat olganlar, ya’ni insonga eng qadrli narsa uning ismi bo‘ladi. Ammo ulug‘lar o‘zlarining nomi ila emas, balki “Xorazmiy”, “Buxoriy”, “Samarqandiy”, “Termiziy”, “Farg‘oniy” kabi Vatanni anglatuvchi nomlar ila dunyoga mashhur bo‘lganlar. 


O‘tmishga nazar tashlasak, ajdodlarimiz ona-Vatan mus­taqilligini, mana shu dorilomon kunlarni asrlar osha orzu qilib yashaganini yaxshi bilamiz. Vatanga muhabbat Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam qalblarida ham alohida o‘rin tutgan. Makka mushriklarining zulmi haddan oshib, u zotning jonlariga qasd qilish darajasiga borganda Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. O‘sha onda ko‘zga yosh oldilar, ko‘ngillari bo‘shab, Makkaga qarab bunday dedilar: (Ey Makka), sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).


Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, yaqinlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, degan.

Mana shunday saodatli kunlarda jannatmakon diyorimizda yashovchi barcha yurtdoshlarimizning shodu xurram bo‘lishlarini, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.

 

Feruza OTAJONOVA,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati
vakilining xotin-qizlar
masalalari bo‘yicha yordamchisi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   39047   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari