Vatan – nafaqat inson, balki butun mavjudot – tirik jon uchun o‘ziga xos qo‘nim topadigan maskan. Vatan – eng ko‘p qalamga olingan, sir-sinoatli, serqirra, serjilo go‘sha. Muftiy hazratlari Nuriddin Xoliqnazarovning “Islomda Vatan tushunchasi” nomli kitobida bunday deyiladi: “Vatani bor inson baxtli insondir. Vatani yo‘q inson esa, baxtsizdir”.
Kim Vatan tushunchasini yaxshi anglab yetmas ekan, uning bag‘rida yashashidan ma’no yo‘qdir. Shunga ko‘ra ulamolarimiz aytadilar: “Vatanning qadriga yetmagan inson, ta’bir joiz bo‘lsa, hayvondan ham, parrandadan ham, hasharotdan ham tubanroqdir”.
2020 yil Prezidentimiz tashabbusi bilan “Mehr” dasturi doirasida xorijdan olib kelingan ayollarimiz va ularning farzandlari samolyotdan tushar-tushmas aziz Vatanimizning tuprog‘ini ko‘z yosh ila o‘pib, bosh ko‘tarmay yig‘laganlarida, qalblar junbushga kelib titradi.
“Mehr – 4” dasturi orqali Afg‘onistondan Termizga olib kelingan xorazmlik 2 nafar farzandi bor ayolni kutib oldik. Davlatimiz tomonidan uy-joy, xo‘jalik anjomlari, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari bir zumda tayyor qilindi. Uy yumushlarini o‘rgatish, farzand tarbiyasi, ruhiy holatiga malham bo‘lish uchun u bilan birga qolar ekanman, erta tongda turib, norasidalarning: “Ayajon, bu yerda bomba portlamaydimi, otishma bo‘lmaydimi?” deya qo‘rquv bilan bergan savoli butun vujudimni muzlatib yuborgan edi. Qizchalar derazalardan boqib: “Juda go‘zal joy ekan, bu yerdan askarlar mashinasi o‘tmaydimi?” deya xavotir bilan savol berib, tinch joyda ekanliklariga haliyam ko‘zlari ishonmay turganini hayajon bilan qayta-qayta gapirishardi.
Alloh taolo bandalari qalbiga Vatanga bo‘lgan muhabbatni jo qilgan. Inson faqat undagina xotirjam bo‘la oladi. “O‘z uying – o‘lan to‘shaging” degan o‘zbek maqoli bejiz aytilmagan.
Shuning uchun ham har bir ota-ona to‘g‘riso‘zlik, halollik kabi yuksak insoniy fazilatlar qatori vatanparvarlik, xalqqa, dinga, musulmonlarga xolis xizmat qilish tuyg‘ularini ham farzandlar qalbiga chuqur singdirishi lozim.
Shuningdek, barcha olimu ulamolar ismlarini Vatanlari nomi bilan bog‘lab nisbat olganlar, ya’ni insonga eng qadrli narsa uning ismi bo‘ladi. Ammo ulug‘lar o‘zlarining nomi ila emas, balki “Xorazmiy”, “Buxoriy”, “Samarqandiy”, “Termiziy”, “Farg‘oniy” kabi Vatanni anglatuvchi nomlar ila dunyoga mashhur bo‘lganlar.
O‘tmishga nazar tashlasak, ajdodlarimiz ona-Vatan mustaqilligini, mana shu dorilomon kunlarni asrlar osha orzu qilib yashaganini yaxshi bilamiz. Vatanga muhabbat Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam qalblarida ham alohida o‘rin tutgan. Makka mushriklarining zulmi haddan oshib, u zotning jonlariga qasd qilish darajasiga borganda Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. O‘sha onda ko‘zga yosh oldilar, ko‘ngillari bo‘shab, Makkaga qarab bunday dedilar: “(Ey Makka), sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, yaqinlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, degan.
Mana shunday saodatli kunlarda jannatmakon diyorimizda yashovchi barcha yurtdoshlarimizning shodu xurram bo‘lishlarini, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini Alloh taolodan so‘rab qolamiz.
Feruza OTAJONOVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati
vakilining xotin-qizlar
masalalari bo‘yicha yordamchisi
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati