Joylarda yuzga yaqin xonadonlarga kirib, kishilar dardu tashvishiga quloq tutish, ularga imkon qadar ko‘maklashish, oz bo‘lsada ko‘ngillariga shodlik ulashish – Vatani, xalqi, mahalladoshlarini sevgan insonning burchidir desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu yil 4 oktyabr kuni Kitob tumanining markazida joylashgan “Xoja Buxoriy” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakili Rahmatillo domla Usmonov boshchiligida shahar-tumanlar bosh imom-xatiblari, masjid imom-xatiblari va faol hojilar ishtirokida yuzga yaqin xonadon ahillari holidan xabar olib, ulardan hol-ahvol so‘raldi.
Chunonchi hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan.
Shunday ekan, har bir hoji o‘z hududidagi imom-xatib bilan birga mahallama-mahalla yurib, aholiga, ayniqsa, yoshlarga pandu nasihatlar qilishmoqda. Buning farzandlarimiz turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishining oldini olish, xalqimizning ma’naviyati va ma’rifati oshib borishidagi ahamiyati beqiyos.
Tadbir davomida shahar-tuman bosh imom-xatiblari Kitob tumanida faoliyat yuritayotgan 17 ta jome masjidda bo‘lib, peshin namozidan so‘ng namozxonlar bilan dildan suhbatlar o‘tkazdi. Ma’ruzalarda “Shukuronalik va tinchlik”, “Yoshlarni ilmu ma’rifatga yo‘naltirish” kabi dolzarb mavzularda suhbat qilib berdi.
Mazkur xayrli tadbir davom etadi.
Qashqadaryo viloyat vakilligi
Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari bilan imom-xatiblar va imom noiblari uchun qiroat darslari yo‘lga qo‘yilgan edi.
Shu munosabat bilan joriy yil 15 dekabr kuni Farg‘ona, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida qiroat darslarining ilk mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
"Qur’on va tajvidni o‘rgatish" va Masjidlar bilan ishlash bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu darslarda Abdulloh qori Haydarov Jizzax viloyatida, Abdusamad qori Mamasoliyev Qashqadaryo viloyatida va Abdulbosit qori Eshqobilov Farg‘ona viloyatida amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati