Shu yil 10 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligi tomonidan Qarshi, Dehqonobod tumanlari va Shahrisabz, Qarshi shaharlaridagi jome masjidlarda faoliyat yurituvchi imom-xatib, noib, muazzinlardan iborat jamoalar Vakillik kubogi uchun o‘tkazilgan futbol va voleybol musobaqalarida bellashdi.
Xususan, Qarshi shahri va Qarshi tumani jamoalari futbol, Dehqonobod tumani va Shahrisabz shahri jamoalari esa voleybol musobaqalari bo‘yicha final bahsi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, futbol musobaqasida 2:1 hisob bilan Qarshi shahar jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, voleybol bo‘yicha esa 2:0 hisobida Dehqonobod tumani jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Musobaqalar o‘ta qiziqarli va taassurotlarga boy, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
G‘olib va sovrindorlar Vakillik kubogi, maxsus diplom va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati