Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida «Islom – tinchlik va ezgulik dini» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan nufuzli anjumanda ishtirok etuvchi islom olamining yetuk ulamolarining mamlakatimizga tashrifi boshlandi.
Ayni vaqtda yurtimizda bo‘lib turgan Bulg‘or islom akademiyasi Ilohiyot kafedrasi doktori Sayful Asriy Toshkent islom institutiga tashrif buyurdi.
Mehmon institut tarixi va faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqdi. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari tomonidan nashr etilgan o‘quv qo‘llanmalar, darsliklar va kitoblar namoyish etildi.
Eslatib o‘tamiz, yurtimizda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, yurtimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan arboblari bilan bir qatorda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 80 dan ortiq ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.
https://islom.uz/maqola/22746
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV