Nabaviy bashorat
Imron ibn Husayn roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizning yaxshilaringiz mening asrimdagilardir. So‘ngra ulardan keyin keladiganlar, so‘ngra ulardan keyin keladiganlar”.
Imron roziyallohu anhu: “U zot alayhissalom ikki marta yoki uch marta aytdilarmi, bilolmadim”, dedi. “Keyin shunday bir qavm keladiki, ular guvohlik so‘ralmagan holda guvohlik berishadi, xiyonat qilishadi, omonatdor bo‘lishmaydi, nazr qilib, vafo qilishmaydi, ularda semizlik paydo bo‘ladi”» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Hadis sharhi
Ulamolar ushbu hadisda kasallik yoki boshqa fiziologik xususiyatlar tufayli tug‘ma semizlik emas, balki aynan ovqatga ochko‘zlik va nafsni tiymaslik, ortiqcha ovqatlanish natijasida orttirilgan semizlik haqida gap ketayotganini aytishadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida semizlik keng tarqalgan hodisa emas edi va sahobalar bu muammoni xayollariga ham keltirishmagan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining holidan xavotirga tushganlar.
Semirish – global epidemiya
Bugungi kunda ortiqcha vaznga ega bo‘lish, semirib ketish insoniyatni tashvishga solayotgan muammolardan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) semirishni global epidemiya deb e’lon qilgan.
Agar shu holat davom etsa…
So‘nggi 50 yil ichida odamlarda vazn ortishi dinamikasi keskin ortdi. Bugungi kunda Yer sayyorasida 2,5 milliarddan ortiq odam (38%) ortiqcha vaznga ega. Agar shu holat davom etsa, 2035 yilga kelib bu ko‘rsatkich 50%dan oshishi mumkin va insoniyatning yarmidan ko‘pida semirish tashxisi qo‘yiladi.
Semizlik yosh tanlamaydi
Semirib ketish faqat kattalar uchun emas, hatto bolalar va o‘smirlar orasida ham tez o‘sib borayotgani yanada xatarlidir. Har yili 2,8 mln o‘lim ortiqcha vazn sabab sodir bo‘ladi.
Semirishning sababi nima?
Diyetologlarning fikriga ko‘ra, hozirgi vaqtda iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatlar nihoyatda oson hazm bo‘ladi va zarur bo‘lgan kaloriyadan bir necha baravar ko‘p konsentratsiyani o‘z ichiga oladi. Odamlar bunday ovqatlarni tobora ko‘p iste’mol qilishlari oqibatida semizlik kelib chiqmoqda. Albatta, bu sabablardan biri.
Ortiqcha ovqat – shahvatni keltirib chiqaradi!
Ortiqcha ovqatlanish shahvat kuchayishiga olib keladi. Natijada insonning har qanday yomonlikka boshlaydigan nafsiga qarshi kurashishi qiyinlashadi. Shuning uchun me’yorida ovqatlanish, nafl ro‘za tutish maqsadga muvofiq.
O‘z nafsingiz bilan bo‘ladigan og‘ir jangda muvaffaqiyat va zafarlar tilaymiz.
Oldini olish uchun nima qilish kerak?
Sog‘lom ovqatlanish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish. Ayniqsa ko‘proq piyoda yurish – qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar va qandli diabet kabi kasalliklarning oldini oladi.
Davron NURMUHAMMAD