Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Mahmud MISRIY: Islomning mohiyatini to‘g‘ri yetkazish olimlar zimmasidagi muhim vazifa

14.10.2024   3864   4 min.
Mahmud MISRIY: Islomning mohiyatini to‘g‘ri yetkazish olimlar zimmasidagi muhim vazifa

Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent shahri va Xivada bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizga yetib keldi.

Ulardan biri Turkiyaning Istanbul shahridagi qo‘lyozmalarni o‘rganishga ixtisoslashgan «Dorul maxtutot» markazi bosh direktori, doktor Mahmud Misriy.  

U O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib, qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, bunday zargarona ishga nechog‘li yuksak bilim va mas’uliyat bilan yondoshish kerakligi yuzasidan o‘z bilim va tajribalarini talabalar bilan o‘rtoqlashdi. Akademiyadagi “Manbalar xazinasi”da saqlanayotgan nodir manbalar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya, yurtimizda kechayotgan ma’rifiy islohotlar jarayoniga oid o‘zining fikrlarini bildirdi.

–   Yurtingizda 15-16 oktyabr kunlari “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyaga taklif etilganimdan bag‘oyat xursandman, – dedi Mahmud Misriy. – Shuningdek, mazkur konferensiya sababli dunyodagi bir qancha nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘lish meni quvontiradi. Alloh taolodan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyani manfaatli va barcha uchun xayrli bo‘lishini so‘rab qolaman.

Afsuski, so‘nggi paytlarda dunyoda Islom dini haqida noto‘g‘ri tushunchalar avj oldi. Ular orasida eng hayratlanarlisi, Islom diniga “islom – terrorizm dini” deya ta’rif berilishidir. Vaholanki, terrorizm aslida boshqa jamiyatlar tomonidan o‘ylab topilgan harakatdir. Islom dinining zarracha bo‘lsada, terrorizmga aloqasi yo‘q.

Islom dini haqida so‘zlaganda uni “tinchlik dini”, “salomatlik dini” deya ta’riflashga aslo hojat yo‘q. Zero, tarixdan Islom diniga oid ilmiy meroslarni, xususan aqida, tafsir, hadis, fiqh kabi ilmlarda yozilgan asarlarni o‘rgangan kishi Islom dini to‘laqonli go‘zal va beqiyos ta’limot ekaniga guvohi bo‘ladi. Qolaversa, oldimizda turgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiya ham so‘zimizni tasdiqlaydi.

Bunga qo‘shimcha tarzda hanafiylik fiqhi hamda moturidiylik ta’limotiga oid asarlar va olimlarning qarashlarini o‘rganish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Islom dini nuqtayi nazaridan insoniy huquq va majburiyatlar, hurriyat, bag‘rikenglikka oid masalalarni o‘rgangan shaxs, Islom dini mazkur vositalarni ehtirom etish hamda ularni to‘g‘ri qo‘llash orqali adolat va bag‘rikenglikni mujassam etganiga guvohi bo‘ladi. Aslini olganda, bag‘rikenglik bu ojizlik emas, balki kuchli tomonning kuchsiz tomonni qo‘llab-quvvatlashidir. Bizda “diniy bag‘rikenglik” deganda, kishi o‘z diniga amal qilishda haq-huquqlaridan erkin foydalana olishiga nisbatan aytiladi.

O‘ylaymanki, “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya yuqoridagi so‘zlarimizning yanada keng jabhada yoritilishi hamda insonlarga Islom dinining asl mohiyatini tushuntirishga xizmat qiladi.

Bugungi suhbatni tashkil qilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda uning huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Bu dargohda olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar, zamonaviy o‘quv binolari, ko‘p sonli professor-o‘qituvchi,  ustozlarning faoliyati hamda tahsil olayotgan talabalar kelajakda yurtingiz ravnaqi va kelajagi uchun katta hissa qo‘shadi, degan umiddaman. Mazkur harakatlar ortidan kelajakda yurtingizdan yana buyuk olimlar yetishib chiqishiga ishonchim komil.

–O‘zbekistonda buyuk allomalarning boy ma’naviy, ilmiy merosi, bu merosni o‘rganish borasidagi ezgu ishlar haqidagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.

–   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk alloma va mutafakkirlarning fundamental tadqiqotlarini o‘rganish, ularning ilmiy merosini qayta tiklashga oid ko‘rsatmalarini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Shuni ta’kidlash joizki, mazkur muhim ishlarga davlat rahbari tomonidan tashabbus bildirilishi ushbu mamlakatdagi olimlar va ilmiy soha xodimlariga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zotan, ulamolar ilmiy merosini o‘rganish islom ummatining asliyatini o‘rganish demakdir. 

Qiymati cheksiz bo‘lgan bir qancha qo‘lyozmalarni o‘rganib, ularni tadqiq etib, insonlarga islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri yetkazib,  namoyon qilish shu yurtdagi barcha olimlar va tadqiqotchilarning muhim ishlaridan sanaladi. Bu ishni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlov hamda barcha shart-sharoitlarga ega oliy muassasa va ilmiy-tadqiqot markazlari barpo qilinishi ulkan natijaga erishishdagi eng muhim vositalardan biri hisoblanadi.

O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   5449   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA