Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 15-16 oktyabr kunlari mamlakatimizda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Unda xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din va davlat arboblari, muftiylar, taniqli ulamolar, ilmiy tadqiqotchilar hamda xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etadi.
Mazkur tadbirda qatnashish uchun hozirga qadar Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari, doktor Abdurahmon bin Abdulloh, Misr Arab Respublikasi muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Kavkaz musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy shayxul-islom Allohshukur Poshozoda, muhaddis alloma Muhammad Avvoma, Istanbuldagi Ibn Xaldun universiteti professori Muhyiddin Avvoma, Pokistondan Karachi islom universiteti professori Muhammad Taqiy Usmoniy, Dorul ulum Devband madrasasi mudiri Hind ulamolari jamiyati raisi Mavlono Arshad Madaniy, Butunjahon islom ilmlari universitetidan doktor Saloh Abulhoj, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi o‘rinbosari Hasan Guchlu, ISAM (Turkiya) rahbari Murtazo Bedir, Malayziya Vaqf ishlari vaziri Zulkifl bin Muhammad al-Bakriy, Bulg‘or islom akademiyasidan doktor Sayful Asriy, AQSHning Atlanta shtatidagi Emori universiteti tadqiqotchisi Rahimjon Abdug‘afurov, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli va Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Abdulaziz Zakirov kabilar yurtimizga tashrif buyurishdi.
E’tiborli mehmonlarni Toshkent xalqaro aeroportida mutasaddilar kutib olib, ularni diyorimizga tashrifi bilan qutlash barobarida xalqaro anjumanning bugungi kundagi ahamiyati, taniqli ulamolar va ahli ilmlarning bir joyga yig‘ilishidan fayzu baraka hosil bo‘lishi haqida so‘zladilar.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari yurtimizga kelishi davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kimki mo‘min va mo‘minalar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min va mo‘mina hisobida bittadan yaxshilik yozadi", deganlar.
Sharh: Agar biror (tanigan va tanimagan) mo‘min-mo‘minaning haqqiga istig‘for aytsangiz, Alloh taolo buning evaziga o‘sha mo‘min va mo‘mina nomidan sizga yaxshilik (savob) yozadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin" (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Allohim Odam alayhissalomdan to Qiyomatga qadar keladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etgin.