Shu yilning 15-16 oktyabr kunlari yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetdi.
Ushbu xalqaro konferensiyaga bir necha hamkor tashkilotlar tomonidan qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, anjuman ishi uchun barcha sharoitlar hozirlandi. Darvoqe, asosiy muloqot maydoni bo‘lgan poytaxtimizdagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zali xalqaro konferensiya o‘tkazish uchun shay qilib qo‘yildi.
Konferensiya ishtirokchilarini kutib olish, mehmonxonalarni joylashtirish, ularni xalqaro anjumanga oil axborotlar bilan ta’minlash, shuningdek, mehmonlarni poytaxtimiz va Xorazm viloyatining diqqatga sazovor manzillari bilan tanishtirish kabi tashkiliy ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Martabali mehmonlar uchun so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan diniy-ma’rifiy o‘zgarishlar haqida o‘zbek, ingliz, rus va arab tillarida risola, anjumanning mazmun mohiyati to‘g‘risida buklet va esdalik sovg‘alari tayyorlandi.
Ayni kunlarda mazkur konferensiya haqida matbuot va ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda muntazam chiqishlar tashkil qilinyapti.
Bu kabi sa’y-harakatlar yurtimizga mehmon bo‘lib kelgan turli mamlakatlar vakillarida yorqin taassurot qoldiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ispaniyaning “Orta Lectura” nashrida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston turli nufuzli xalqaro reytinglarda hamda xorijiy davlatlarning sayyohlar uchun tavsiyalarida yuqori xavfsizlik darajasiga ega mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
World Justice Project (WJP) tomonidan e’lon qilingan “Rule of Law Index 2025” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “Tartib va xavfsizlik” ko‘rsatkichi bo‘yicha 143 ta mamlakat orasida 17-o‘rinni, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi 15 ta mamlakat orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
WJP indeksi 215 mingdan ortiq fuqarolar hamda 4 ming 100 nafardan ziyod huquqshunos va ekspertlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.
“Gallup” kompaniyasining “2025 Global Safety Report” ma’ruzasida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston aholisining 86 foizi kechasi yolg‘iz yurganda o‘zini to‘liq xavfsiz his qiladi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rtacha 73 foizlik darajadan sezilarli darajada yuqoridir. Shu bilan birga, “Law and Order Index”ning kengroq ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz 100 dan 91 ball to‘pladi.
Institute for Economics & Peace tomonidan tuziladigan “Global Peace Index 2026” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 30 pog‘onaga yaxshilab, 163 ta mamlakat orasida 1,726 ko‘rsatkich bilan 37-o‘ringa ko‘tarildi. 2026 yilgi rasmiy hisobotda mamlakatimiz tinchlik ko‘rsatkichlari eng yuqori sur’atda yaxshilangan davlatlar qatoriga kiritildi.
AQSH Davlat departamenti “Travel Advisories” tizimida O‘zbekistonga “Level 1 – Exercise Normal Precautions” darajasini, ya’ni “Odatiy ehtiyot choralariga rioya qilish” tavsiyasini bergan. 2026 yil yanvarda yangilangan tavsiyanomada xavf darajasi oshirilmadi. Bu AQSH Davlat departamenti tomonidan xalqaro sayohatlar uchun belgilanadigan eng past xavf darajasi hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati