Bugun, 15 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “HILTON BAllROOM” mehmonxonasida “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzusidagi nufuzli xalqaro anjuman boshlandi.
Tadbirda Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi doirasida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV