Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”, – degan edi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi o‘laroq 2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Ushbu nufuzli anjuman ishida dunyoning Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda so‘nggi 7 yil mobaynida diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.
Bu ma’rifiy muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtayi nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targ‘ib qilish, nainki musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.
Ayni paytda O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Konferensiya Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshlaydi. Anjuman o‘z ishini 3 ta sho‘bada davom ettiradi.
Jumladan, ishtirokchilar “ Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni”, “Globallashuv sharoitida islom: mo‘tadillik va bag‘rikenglik”, “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusidagi sho‘balar bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari o‘zaro fikr almashish, dolzarb masalalarni muhokama etish imkoniga ega bo‘ladi.
Konferensiya 16 oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini ta’minlashda islom ta’limotining, buyuk ajdodlar merosining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzg‘unchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir.
N.Usmonova, O‘zA
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV