Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Iyun, 2025   |   2 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
27 Iyun, 2025, 2 Muharram, 1447
Maqolalar

Xalqaro hamjamiyat e’tiboridagi konferensiya

15.10.2024   5771   3 min.
Xalqaro hamjamiyat e’tiboridagi konferensiya

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”, – degan edi.

Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi o‘laroq 2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.

Ushbu nufuzli anjuman ishida dunyoning Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.

Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda so‘nggi 7 yil mobaynida diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.

Bu ma’rifiy muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtayi nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targ‘ib qilish, nainki musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.

Ayni paytda O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Konferensiya Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshlaydi. Anjuman o‘z ishini 3 ta sho‘bada davom ettiradi.

Jumladan, ishtirokchilar “ Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni”, “Globallashuv sharoitida islom: mo‘tadillik va bag‘rikenglik”, “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusidagi sho‘balar bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari o‘zaro fikr almashish, dolzarb masalalarni muhokama etish imkoniga ega bo‘ladi.

Konferensiya 16 oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini ta’minlashda islom ta’limotining, buyuk ajdodlar merosining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzg‘unchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir.

N.Usmonova, O‘zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   10050   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA