frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Mahmud Misriy e’tirofi

15.10.2024   21628   1 min.
Mahmud Misriy e’tirofi

­– 15-16-oktabr kunlari Oʻzbekistonning goʻzal va qadimiy Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya oʻtkazilmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etayotganimdan benihoya shodman.

Konferensiya doirasida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida muassasa vakillari bilan muloqot olib bordik. Bu yerda “Qoʻlyozmalarni tadqiq qilishning nazariy asoslari” nomli kitobimning oʻzbek tilidagi taqdimoti ham oʻtkazilganidan juda quvondim. Akademiya va “Dorul Maxtutot” markazi oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini muhokama qildik, tajriba almashdik. 

Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho beraman. Oʻzbekiston tinchlik-xotirjamlik hukm suradigan diyor.  Oʻzbek xalqi shu yurtda tugʻilib voyaga yetgan, oʻzining nihoyatda serqirra ilmiy-ijodiy faoliyati bilan dunyo ahlini lol qoldirgan, dunyo tamadduni rivojiga beadoq hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlari bilan faxrlansa arziydi. 

Sharq bir necha asrlar davomida taraqqiyotning oʻzagi boʻlib kelgan. Bugun ham uning nuri umumbashariy madaniy va ilmiy meros sifatida keng nur sochayotganligini alohida taʼkidlash lozim.

Prezident tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik” dini mavzusidagi xalqaro konferensiya esa hozirgi globallashuv jarayonida islom moʻtadillik va bagʻrikenglik dini ekanini namoyon qiladigan muhim maʼrifat maydoni ekanini taʼkidlamoqchiman.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining buyuk alloma va mutafakkirlarning dunyo, xususan, musulmon ilm-fani va sivilizatsiyasi ravnaqiga qoʻshgan munosib hissasi, muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyati boʻyicha fundamental tadqiqotlar oʻtkazishga oid dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlab bildirgan tashabbuslarini yuqori baholayman.

Mahmud Misriy,
Turkiyaning Istanbul shahridagi qoʻlyozmalarni oʻrganishga ixtisoslashgan “Dorul Maxtutot” markazi bosh direktori

https://iiau.uz/oz/news/3434

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiyada Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tadi

02.10.2026   4090   2 min.
Turkiyada Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan simpozium bo‘lib o‘tadi

2026 yil 6–7 oktyabr kunlari Anqara shahrida Amir Temur va Temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan Xalqaro simpozium o‘tkaziladi. Tadbir Turkiya Fanlar akademiyasi (TÜBA), Anqara Yildirim Boyazid universiteti, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda, xabar bermoqda iccu.uz.

Simpoziumda Amir Temur shaxsiyati va Temuriylar davrining ilm-fan, madaniyat va san’at taraqqiyotidagi o‘rni, shuningdek, ushbu davrda yuzaga kelgan ilmiy va madaniy yuksalish jarayonlari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan. Temuriylar Renessansi Markaziy Osiyo tarixida ilm-fan, me’morlik, adabiyot, san’at va ma’naviy hayot yuksak taraqqiy etgan muhim tarixiy davrlardan biri. Samarqand, Hirot, Buxoro, Balx va boshqa shaharlar ilm va madaniyat markazlariga aylanib, bu yerlarda faoliyat yuritgan olimlar va ijodkorlar jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan.

Bu tarixiy merosni o‘rganish va uning zamonaviy ahamiyatini ochib berish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyatida ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Markaz ekspozitsiyasida ham Temuriylar davrining ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi o‘rni, buyuk allomalar ilmiy merosi hamda ushbu davrda shakllangan yuksak madaniy muhit keng yoritilgan.

Ayniqsa, Amir Temur davrida Samarqandning ulkan siyosiy markazdan tashqari, ilm-fan va madaniyat maskani sifatida shakllanishi, keyinchalik Mirzo Ulug‘bek davrida astronomiya va matematika sohalarida yuksak ilmiy natijalarga erishilishi Temuriylar Renessansining muhim jihatlaridan sanaladi.

Shu nuqtayi nazardan, Anqarada o‘tkazilayotgan xalqaro simpozium Temuriylar davri merosini xalqaro ilmiy muloqot doirasida yanada chuqur o‘rganish, turli mamlakat olimlari o‘rtasida fikr almashish va ushbu davrning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rnini tadqiq etishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: 2026 yilda buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda Amir Temur va Temuriylar merosini o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qaratilgan qator ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 9–10 aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda mahalliy va xorijiy olimlar, temurshunos mutaxassislar ishtirok etib, Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi, ilm-fani va madaniyatidagi o‘rni muhokama qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari