Bugun poytaxtimizdagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Islom olamining mashhur ulamolari, muftiylar, din va davlat arboblari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari barcha ishtirokchilarni qutladi.
Jumladan, Muftiy hazratlari hozirgi kunda dunyoning ba’zi nuqtalarida notinchliklar bo‘lib turgan bir paytda bu kabi muloqotlarning o‘rni naqadar katta ekanligini qayd etdilar.
Islom — tinchlik, hamjihatlik va omonlik dinidir. Baqara surasining 208-oyatida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!”, deya xitob qilinishida ham tinchlik va osudalikni ta’minlashda hamma birdek mas’ulligiga ishora bor, deya ta’kidladilar Shayx hazratlari.
Shuningdek, Muftiy hazratlari Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam “Sohibus-silm” — tinchlikparvar payg‘ambar ekanliklarini, hadisi shariflarda ham tinchlik va omonlik — eng oliy ne’mat sifatida targ‘ib etilishini, umuman olganda, barcha saodatimiz asosi tinchlik va hamjihatlikda ekanligini bayon etdilar.
Anjumanda yig‘ilganlar Muftiy hazratlarining nutqini yaqindan qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan e’lon qilingan "Huquqiy savodxonlik oyligi" doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, maxsus kurslar va seminar-treninglar boshlandi.
Bulardan dastlabkisi 2025 yil 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Maxsus kurs Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, Mir Arab oliy madrasasi rektori J.Elov shuningdek, ustoz va talabalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqanlar tomonidan diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, Konsepsiyaning ahamiyati, 2025 yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan joriy etilgan yangi tizimlar haqida fikrlar bildirildi.