Doktor Abdurahmon bin Abdulloh al-Zayd xalqaro anjuman yuzasidan ushbu fikrlarni bildirdi:
– Alloh butun insoniyatni mehr-oqibat va tinch-totuv yashashga chaqirdi. Natijada islom dinining nuri Sharq va G‘arb bo‘ylab tarqaldi. Ayniqsa, uning nuri o‘z ilmi va ma’rifati ila porlashiga xizmat qilgan yurtingiz ulamolarini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Movarounnahr buyuk ulamolaridan islom ilmlarining barcha soha va yo‘nalishlari bo‘yicha katta ilmiy meros qoldirdi. Xususan, Qur’oni karimdan keyin eng ishonchli manba bo‘lgan “Sahihi Buxoriy” asari muallifi, Hadis ilmining amiri Imom Buxoriy, “Shamoilul Muhammadiya” asarini ta’lif etgan Imom Termiziyning merosidan butun Islom olami foydalanishini alohida e’tirof etish darkor.
Bugungi konferensiyaga tanlangan mavzu muqaddas dinimiz asl maqsad va g‘oyalarini aks ettiradi. Darhaqiqat, islom dini tinchlik va yaxshiliklar, ezguliklar dinidir. Islomni himoya qilish, dunyoda tinchlikni o‘rnatish bugungi eng dolzarb vazifamiz sanaladi.
Biz Islom olami uyushmasi ulamolari insoniyatni tinchlikka chaqiramiz. Ushbu konferensiya tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman.
N.Usmonova,
O‘zA
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati