Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Noyabr, 2026   |   7 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:51
Quyosh
07:13
Peshin
12:13
Asr
15:21
Shom
17:05
Xufton
18:22
Bismillah
17 Noyabr, 2026, 7 Jumadul soni, 1448

Uyqudan uyg‘onishdagi sunnatlar

16.10.2024   7044   6 min.
Uyqudan uyg‘onishdagi sunnatlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Rasulullohning  ﷺ olamlarga rahmat ekani bir jihatdan u zotning har bir ishlarida insoniyat uchun ulkan foyda borligini anglatadi. Ibrat nazari bilan boqajak odam Islom ummati vakili bo‘lsa, u uchun Rasululloh ﷺ tamomila o‘rnak bo‘ladi. Zero, iymonning taqazosi ham shu!

Rasullullohni ﷺ o‘zi uchun yuksak namuna deya bu gapini iymon bilan tasdiq etgan kishi uchun u zotning uyqudan uyg‘onishlaridan tortib barcha kunlik ishlarida ham buyuk hikmat bo‘ladi. Rasulullohning ﷺ fe’llari shar’an e’tiborli ekanidan shariatda unga alohida sunnat degan hukm joriy bo‘ldi. To‘g‘ri, biz kunlik takrorlanadigan ishlarni ba’zida sunnat yoki mustahab ekanini bilmagan holda yo unutib qilishimiz mumkin. Ayni vaqtda bu ishlarni foydali deb hisoblagani uchun qiladigan kishilar ham yo‘q emas. Aslini olganda musulmon qanday yo‘l tutishi kerak?! Qanday niyat qilsa, amaliga ajr oladi?! Bu ikki savolga beriladigan yagona javob: Alloh va Rasuliga iymon keltirgan mo‘min Rasulullohga iqtido qilishi zarur. Chunki bu Allohga bo‘lgan muhabbatning sharti hamda najot kalitidir. Rasulullohga ﷺ iqtido qilish zamon va makon tanlamaydi. U zot vafot etgan bo‘lsalar ham Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga amal qilish, sunnatlariga astoydil ergashish orqali iqtido ma’nosi yuzaga chiqaveradi.

Odatda, odam kunini uyqudan uyg‘onish bilan boshlaydi. Turgan zahoti yuzni yuvib, og‘izni chayib va shu kabi boshqa ishlarni el qatori bajarish ham mumkin. Lekin! Keling, Islom atalmish sharafli bayroq ostida turgan shaxs sifatida fikr yuritib ko‘ramiz: shu vaqtda Rasululloh ﷺ nimalar qilgan ekanlar:

  1. Uyqu dangasaligi va uyqu asoratini qo‘l bilan yuyuzdan artmoq

Bu orqali uyquning ta’sirini ketkazishni niyat qilardilar

Imom Navaviy va ibn Hajar rohimahulloh buning sunnat ekaniga quyidagi hadisni keltirganlar:

«Rasululloh ﷺ uyg‘onib, o‘tirdilar va yuzlarini ishqalab uyquni artdilar». (Imom Muslim rivoyati).

Demak, bu jarayon uyqu ta’siri tezroq tarqalishiga yordam berar ekan.  Uyqudan uyg‘ongan odam qo‘li bilan yuzlarini artib, badanini ishqalasa, tananing faolligi ortib, yotoqdan turishi oson kechadi. Biz birinchi raqam ostida keltirganimiz mazkur hadis sirtdan uyqudan turgan odam qo‘lini uch marotaba yuvmasdan turib, idishga qo‘l urmasligi borasidagi hadis bilan o‘zaro ziddek ko‘rinadi. Ammo aslida unday xulosa qilishga shoshilmaslik zarur! Chunki mutaqaddim va mutaaxxir ulamolar idishga yuviqsiz qo‘lni solishdan qaytariq rivoyat qilingan hadisdagi nahyga amal qilmaslikka makruhi tanzihiy hukmini berganlar. Soddaroq qilib aytganda, uyqudan turgan kishining qo‘lida najosat bo‘lmasa, uning qo‘lidagi bir nav nopoklik najosat hisoblanmaydi. Shuning uchun ham uyqudan uyg‘ongan kishi birinchi hadisga amal qilib, yuz-ko‘zlarini ishqashining zarari yo‘q.

  1. Duo qilish. «Bizlarga ruhimizni olganidan keyin qayta hayot baxsh etgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Qayta tirilib borish uning huzurigadir» (Imom Buxoriy rivoyati).

Duo ibodat bo‘lib, banda Rabbisiga naqadar muhtoj, notavon ekanini izhor qiladi. Duo ba’zilar tushungani kabi faqat so‘rovlarni taqdim qilish emas. Bu jarayon talab deb ataladi. Unda na ruh bo‘ladi va na zorlanish. Duo esa ixlos, tazarru’, ojizlik izhori kabi muhim nuqtalarni o‘z ichiga qamrab olishi barobarida duo qilayotgan mo‘min kishi duosining qabul bo‘lishidan umidvor hamda rad etilishidan qo‘rqib. Uyqudan eson-omon turib olgan kishi ham, tavba qilish uchun berilgan yana bir imkoniyat, solih amallarni qo‘lga kiritish fursatini taqdim etgani uchun Rabbisiga har qancha hamd aytsa ham kam. Qanday duo qilishni esa Rasulullohning ﷺ sunnatlaridan o‘rganib olamiz:

  1. Misvok tutish. «Rasululloh tunda uyqudan turganlarida og‘izlarini misvok bilan tozalar edilar» (Muttafaqun alayh).

Inson uyqudan turgan payti og‘iz bo‘shlig‘idan nohush hid tarqalishi kuzatiladi. Bu esa odamning dilini hira qiladigan holatdir. Bu muammoga yechim o‘laroq shariatda misvok taklif qilinmoqda. Hozirgi kunda tish pastalaridan foydalanish ommalashdi. Biroq, bu misvakni qo‘yib, faqat tish pastalaridan foydalanish kerak jegani emas. Sababi misvok tabiiy vosita va uning tarkibida ko‘plab foydali kimyoviy moddalar borki, ularning hammasini inson qo‘li bilan bir o‘rinda jamlash imkoniz. Alloh taolo bandalariga rahmat zlaroq tabiat bag‘rida arok daraxtini yaratdi. Uning tomirlari misvok sifatida ishlatiladigan bo‘ldi. Rasulullohga ﷺ suyukli bo‘lgan amallar orasida mashhuri misvok ishlatishdir. Misvokning ahamiyati kamayib ketmasligi uchun undan muntazam foydalanib turishimiz hamda farzandlarimizni ham bunga odatlantirishimiz kerak. Shu tariqa ham sunnatga ergashgan ham sunnatning barhayotligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Bu ikkisi ham ulkan inoyatdir!

  1. Burunni qoqish. U zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan birortangiz uyqudan tursa, burnini uch marta qoqib tashlasin, zero shayton uning dimog‘i tunagan bo‘ladi» (Muttafaqun alayh).

Shayton qanday qilib insonning burnida tunab qolishini bilish, Odam bolasining toqati va aqli yetmaydigan masaladir. Rasululloh aytdilarmi, demak, mo‘min odam bu xabarni so‘zsiz qabul qiladi. Bu jihati tushunarli bo‘ldi. Endi boshqa bir tarafdan olib qaralsa, shaytonning dushman ekani Qur’on va hadisda kelgan. Uning ham o‘z lashkari bor. Biz ularni ko‘rmasak ham ularda bizni ko‘ra olish xususiyati mavjud. Hayotda dushmaningiz bo‘lsa, u nima qiladi? Payt poylaydi! Albatta, uyqu ham dushman uchun qulay fursat hisoblanadi. Demak, dushmanning bu safargi nayranggi bizning burnimizda tunashi ekan.

  1. Qo‘llarni uch marta yuvish. U zot ﷺ aytadilar: «Sizlardan biringiz uyqudan tursa, idishga qo‘l solmasdan qo‘llarini 3 marta yuvsin»

Bu hadisga doir mubohasani muxtasar tarzda yuqorida taqdim etdik.

Xulosa qilib aytish mumkinki, biz musulmon o‘laroq Rasulullohning  ﷺ sunnatlariga mukammal holda amal qiladigan bo‘lsak, U zotning itoblariga qolmay, aksincha najot topganlardan bo‘lamiz.

Zokir Alixon,
Toshkent islom instituti talabasi 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

16.11.2026   6651   3 min.
O‘mon Madaniy mutolaa uyi rahbari: «Markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi»

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili Markaz nashrlarining badiiy bezaklari va tarixiy mazmunidan katta taassurot olganini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik Mahmudxo‘ja Behbudiy merosiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuvlar orqali avvalroq boshlanganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.

O‘mon Sultonligining Masqat shahrida tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining taqdimot tadbiri ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikning yana bir muloqot maydoniga aylandi.

Tadbir doirasida O‘mon Madaniy mutolaa uyi vakili O‘zbekiston bilan avvaldan yo‘lga qo‘yilgan adabiy aloqalar, mamlakatga amalga oshirilgan madaniy safar va Islom sivilizatsiyasi markazi nashrlari haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Halima al-Balushiy, O‘mon Sultonligi Madaniy mutolaa uyi («Bayt al-Qiroa as-Saqofiy») rahbari

O‘zbekiston bilan hamkorligimiz bugun boshlangani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonning Masqatdagi elchixonasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi kitoblardan birining muhokamasini tashkil etgan edik. Bu juda mazmunli va samarali muloqot bo‘lgan. Tadbir O‘zbekistonning O‘mondagi elchisi janoblari mezbonligida o‘tkazilgan edi.

Shundan so‘ng ikki mamlakat elchixonalari — O‘zbekistonning Masqatdagi va O‘monning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlik va kelishuv asosida Madaniy mutolaa uyi a’zolarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga qaror qildik.

Bu tashrif tashkilotimiz amalga oshirgan eng ajoyib safarlardan biri bo‘ldi. Unda biz O‘zbekistonning boy madaniyati bilan yaqindan tanishdik. Taassurotlarimiz nihoyatda hayratlanarli bo‘ldi. A’zolarimiz Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarini juda yaxshi ko‘rib qolishdi. Biz uchta shaharda bo‘ldik va ularning har biri bizga avvalgisidan ham go‘zalroq tuyuldi.

Ayrim joylar O‘monning ba’zi shaharlariga juda o‘xshash ekani ham e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, Buxorodagi qadimiy tarixiy maskanlar, tor ko‘chalar, eski uylar, derazalar va an’anaviy me’moriy inshootlar bizga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi.

Safar ishtirokchilari O‘zbekistonning ulkan madaniy boyliklarga, qadimiy Islom sivilizatsiyasi va yuksak tarixiy merosga ega mamlakat ekanini chuqur his etdilar. Bu jihatlar ikki mamlakat madaniyati o‘rtasidagi yaqinlik va mushtaraklikni yanada yaqqol namoyon etdi.

Hatto ayrim a’zolarimiz Toshkentdan uy sotib olish istagini ham bildirishdi. Ular O‘zbekistonga tez-tez borib turishni xohlashmoqda. O‘zbek taomlari ularga juda-juda yoqdi. O‘zbekiston bozorlari, uylari, saroylari, tarixiy yodgorliklari, shaharlari va tabiati — mamlakatga xos barcha jihatlar ularni maftun etdi.

Islom sivilizatsiyasi markaziga keladigan bo‘lsak, biz O‘zbekistonga tashrif buyurgan paytimizda Markaz hali ochilmagan edi. Ammo u haqida eshitgan edik va uni ko‘rishni juda istaganmiz. Bizga markaz keyinroq ochilishi haqida ma’lum qilishgan edi.

Mana, bugun esa Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi munosabati bilan ushbu masjidning muhtasham zalida turibmiz. Bizni taklif etishgani va ushbu go‘zal ko‘rgazmani tomosha qilish imkoniyati yaratilganidan juda xursandmiz.

Ochig‘ini aytsam, markaz nashrlari meni nihoyatda hayratlantirdi. Kitob muqovalarining ranglari, ularning bezaklari, kitoblar ichidagi go‘zal manzaralar va tarixiy obidalar tasviri menda katta taassurot qoldirdi.

Masqatdagi taqdimot O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-ma’rifiy faoliyati va nashrlarini xorijiy jamoatchilikka tanishtirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasida avvaldan shakllangan adabiy-madaniy aloqalarning davomiyligini ham namoyon etdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari