Xalqaro anjumanda ishtirok etgan turli mamlakatlar muftiylari, taniqli ulamolar, islomshunos tadqiqotchi va diniy soha vakillari nufuzli tadbirdan so‘ng Xiva shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qildilar.
Martabali mehmonlar Xiva shahridagi Ichan qal’a majmuasida joylashgan Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon, Muhammad Amin Inoq madrasalari, Sayyid Pahlavon Mahmud ziyoratgohi hamda Juma masjidi singari tabarruk maskanlar bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan ular to‘g‘risida atroflicha ma’lumot olishdi.
Dunyo ulamolari O‘zbekiston zamini qadim madaniyat, buyuk sivilizatsiya va ulug‘ mutafakkirlar yurti ekaniga bevosita guvoh bo‘ldilar.
Majmuada Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilinib, aziz avliyolarning ruhi poklariga bag‘ishlandi. Shu bilan birga, fazilatli ulamolar yurtimiz va butun dunyoda tinchlik va farovonlik hukm surishi, dinimiz rivoji va Islom olami xalqlari tinchlik va ezgulik yo‘lida doimo hamkor bo‘lishini so‘rab xayrli duolar qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev