Xiva shahrida davom etayotgan “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzuidagi xalqaro konferensiyada Xalqaro musulmon ulamolari kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy, Musulmon donishmandlari kengashi huzuridagi Tinchlik tadqiqotlar markazi ijrochi direktori Samir Budinar, Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod, Hindiston “Dar al-Huda” Islom universiteti prorektori Jamoluddin Nadavi, Bulg‘or islom akademiyasi doktori Sayful Asriy, Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay Tag‘an o‘g‘li, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez, Turkiya Tekirdag‘ universiteti professori Xalit Eren, Fransiya milliy ilmiy tadqiqotlar markazi loyiha direktori Karim Ifrak so‘zga chiqib, anjuman mavzusi bo‘yicha ma’ruza qildilar.
Jumladan, qatnashchilar yurtimizdan buyuk alloma va ulamolar yetishib chiqqani, ularning ilmiy merosini o‘rganish bugungi kunda naqadar muhim ekanligi, shuning bilan birga, ularda Islomning asl insonparvarlik mohiyati ochib berilgani, eng ulug‘ ne’matlardan bo‘lgan tinchlik va omonlikni asrab-avaylash borasida dolzarbligini yo‘qotmaydigan chaqiriqlar aks etganini ta’kidladilar.
Hozirgi paytda islomofobiya, ayrim davlatlar o‘rtasida turli majorolar davom etayotgani, globallashuvning salbiy jihatlari avj olayotgani qayd etilib, bu kabi muammolarning oldini olish uchun dinimiz ta’limotlarini chuqur o‘rganish, yoshlar o‘rtasida ilmni targ‘ib qilish lozimligi qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, ishtirokchilar mavzu doirasida bir qator ezgu tashabbuslarni ilgari surdilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat yo‘llab, anjuman deklaratsiyasini qabul qildilar.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirda Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etdi.
Shu yil 5-7 avgust kuni Namangan viloyatidagi "Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jarayonda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbar hamda mas’ul xodimlari, "Hidoya" va "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari rahbarlari hamda qabul bo‘yicha mas’ul xodimlari, abituriyentlar ishtirok etmoqda.
Dastlab abituriyentlar imtihon ruxsatnomasida ko‘rsatilgan vaqt bo‘yicha tartib bilan kiritilib, mutasaddilar tomonidan test imtihoni tartibi tushuntirildi. Shundan so‘ng test sinovlariga start berildi.
Ushbu jarayon adolatli o‘tishi uchun soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilot vakillari jalb etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 2-hudud Namangan viloyatidan ishtirok etadigan abituriyentlar soni 2190 nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi