Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447
Maqolalar

Sayful Asriy: “Mutaassib fikrlarga qo‘shilishning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi”

17.10.2024   1968   2 min.
Sayful Asriy: “Mutaassib fikrlarga qo‘shilishning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi”

Xiva shahrida o‘z ishini davom ettirayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya xorijlik ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. Rossiyadagi Bulg‘or islom akademiyasi Ilohiyot kafedrasi o‘qituvchisi, Islom huquqshunosligi va zamonaviy fatvolar bo‘yicha mutaxassis Sayful Asriy bu haqda quyidagi fikrlarni bildirdi:

–   Yurtingizda tashkil etilgan “Islom tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi anjumanning barcha ishtirokchilarini tarixiy voqea bilan chin dildan qutlayman.  

Olim sifatida yoshlarga, ushbu anjumanni kuzatib borgan sog‘lom fikrli kishilarga aytar so‘zim shuki, mutaassib fikrlarga ergashayotganlar bilib qo‘ysin, islom – ezgulik dini. U hech qachon qon to‘kishga, zo‘ravonlik qilishga undamaydi. Muqaddas islom nomidan amalga oshirilayotgan xunrezliklarning buyurtmachilari mo‘minlardan emas.  

Islom ma’rifatini, uning insonparvarlik g‘oyalarini, bag‘rikenglik borasidagi tavsiyalarini o‘rganmoqchi bo‘lganlar, buzg‘unchi toifalarning yetakchilariga emas, sof tafsirga, Rasulimiz sallolohu alayhi vasallamning sunnatlariga tayangan holda saboq berayotgan, biror-bir yurtda fitnaga yoki ixtiloflarga sabab bo‘lmagan, hur fikrli olimlarimizning fikrlariga e’tibor qaratsinlar. Chunki, mutaassib fikrlarga qo‘shilishning oqibati yaxshilik bilan tugamaydi. Kim dinda chuqur ketsa, u adashadi.  

Alloh taolo O‘zining kalomi Qur’onning “Quraysh” surasida, Quraysh qabilasiga tinchlik, omonlik bergani va Islom dinining muhabbatga va salomatlikka chorlashi haqida xabar bergan.  

Islom nomidan internet orqali tarqatilayotgan fitnalardan o‘z yurtingiz ulamolarining fatvolariga tayangan, oqilona pand-nasihatlaridan bahramand bo‘lgan holda yondashsangiz, omonda bo‘lasiz. Bugungi anjumanda ham, bundan keyin ham sog‘lom fikrli islom ulamolari internetdagi mutaassiblarning fikrlari xato va asossiz ekanini bot-bot takrorlaydi.  

Jahondagi bir qancha mamlakatlarni katta tashvishlarga solayotgan bu fitnalarga kuch bilan emas, ma’rifiy yondashuv bilan yechim topishni taklif etgan O‘zbekiston Prezidentining barcha chaqiriqlarini biz olimlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlaymiz. Bir so‘z bilan aytganda, bu chaqiriq faqat islom ummati uchun emas, balki butun bashariyat uchun najot sadosidir.  

N.Usmonova,  

O‘zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

30.06.2025   4205   3 min.
Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.

Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.

Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.

Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda  “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.

Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).

Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.

Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.

 

Ilyosxon AHMЕDOV