Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Buxoriy, Termiziy, Nasoiy va Abu Dovud Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Juma kunining avvalgi «nido»si Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarning davrlarida imom minbarga o‘tirganida bo‘lar edi. Usmon (xalifa) bo‘lganida odamlar ko‘payib ketib, Zavroning ustida uchinchi «nido»ni ziyoda qildi».
Boshqa bir rivoyatda: «Ish shunday sobit qoldi», deyilgan.
Ushbu hadisdagi «nido»dan maqsad azondir. Nidoning «uchinchi» deyilishi esa azon va iqoma e’tiboridandir.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va ikki xalifa, ya’ni hazrati Abu Bakr hamda hazrati Umar davrlarida imom minbarga chiqqanida azon aytilar, xutba o‘qib bo‘lib, minbardan tushganida, iqoma aytilib, namoz o‘qilar edi.
Ammo hazrati Usmon xalifa bo‘lgan paytlarida Islom diyori kengayib, musulmonlar soni ko‘paygan edi. Imom minbarga chiqqanidan keyin azon aytilib, xutba qilar, shundan so‘ng juma namozi o‘qiladigan bo‘lsa, uzoqroqdagi kishilar azonni eshitgandan so‘ng harakat qilib, masjidga kelsalar, namozga kechikadigan bo‘lib qoldilar, chunki u paytlarda soatlar yo‘q edi. Kishilar namoz vaqtining kirganini azon aytilganidan bilar edilar.
Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida odamlar namozga kechikayotganlari kuzatilgach, ularni oldinroq xabardor qilish uchun juma namozining vaqti kirishi bilan bir qo‘shimcha azon aytish joriy qilindi.
Bu azon Madinai munavvaraning bozori ichidagi «Zavro» deb atalgan joyda, bir uyning tomida aytilar edi. Bozor qilish va boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan odamlar o‘sha birinchi azonni eshitib, juma namozining vaqti kirganidan xabardor bo‘lar, ishlarini yig‘ishtirib, tahorat qilib, masjidga to‘planar edilar.
Peshin namozining haqiqiy vaqti bo‘lganida esa imom minbarga chiqar va muazzin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, hazrati Abu Bakr va Umarlar davridagi kabi azon aytar va odatdagidek davom ettirib ketilar edi.
Bu ish o‘z samarasini ko‘rsatdi. Musulmonlar juma namoziga kech qolmaydigan bo‘ldilar. Bu amal hammaga ma’qul kelib, juma namoziga ikki marta azon aytish hamma joylarda joriy qilinib, sobit bo‘lib qoldi.
Bu narsaga hozir ham hamma joylarda va mazhablarda amal qilinadi. Birorta odam «Nima uchun bunday?» deb e’tiroz bildirmaydi. Shunday bo‘lishi kerak ham.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘pchilik xo‘l mevaning eng chiroyli va pishgan bo‘lagini tanlaydi. Ammo otam (Alloh rahmatiga olsin) boshqacha yo‘l tutar edilar.
Otam joriy qilgan oilaviy an’analarning eng go‘zallaridan biri — har kuni kechki ovqatni butun oila davrasida qilish edi. U kishi kun davomida har kim o‘z ishi bilan band bo‘lsa ham, hech bo‘lmaganda kechki taom paytida hammamiz bir dasturxon atrofida yig‘ilib, bir-birimizning holimizdan xabar olishimizni istar edilar.
Taomdan oldin meva qo‘yilganda esa, otam har safar bir xil ishni qilardilar. U kishi doimo dog‘ tushgan mevani tanlar edilar. Mevaning uringan qismini kesib tashlar, qolgan qismini esa iste’mol qilardilar.
Bolaligimdan boshlab, otam vafot etgunlariga qadar bu holatni minglab marta ko‘rganman. O‘sha oddiy odat menga so‘zsiz, nasihatsiz juda katta saboq berdi. Bu – ne’matning qadriga yetish.
Axir dasturxonimizga kelgan har bir meva ortida qancha mehnat yotadi: dehqon yer haydaydi, urug‘ qadaydi, suv beradi, parvarish qiladi, hosilni yig‘adi, odamlar uni tashiydi va nihoyat u bizning dasturxonimizga yetib keladi.
Bugungi kunda dunyoda oziq-ovqatning katta qismi isrof qilinmoqda.
Otam menga biror nuqsonli narsani butunlay tashlab yubormaslikni, agar bir qismi buzilgan bo‘lsa, faqat o‘sha qismini olib tashlab, qolganini iste’mol qilishni o‘rgatganlar.
Otamning yana bir odatlari bor edi. Har safar ovqatdan keyin: “Alhamdulillah. Allohga shukr. Alloh baraka bersin”, der edilar.
Otam mevani yer edilar, men esa ne’matning qadriga yetishni o‘rganar edim. Otam dunyodan o‘tganlaridan keyin bu oddiy odatlarning asl qadrini yanada chuqurroq angladim.
Alloh barcha o‘tgan ota-onalarimizni O‘z rahmatiga olsin, hayotdagilarining umrlarini uzoq, rizqlarini barakali qilsin.
Davron NURMUHAMMAD