frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nega juma namoziga 2 marta azon aytiladi?

17.10.2024   7149   2 min.
Nega juma namoziga 2 marta azon aytiladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Buxoriy, Termiziy, Nasoiy va Abu Dovud Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Juma kunining avvalgi «nido»si Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umarning davrlarida imom minbarga o‘tirganida bo‘lar edi. Usmon (xalifa) bo‘lganida odamlar ko‘payib ketib, Zavroning ustida uchinchi «nido»ni ziyoda qildi».

Boshqa bir rivoyatda: «Ish shunday sobit qoldi», deyilgan.

Ushbu hadisdagi «nido»dan maqsad azondir. Nidoning «uchinchi» deyilishi esa azon va iqoma e’tiboridandir.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va ikki xalifa, ya’ni hazrati Abu Bakr hamda hazrati Umar davrlarida imom minbarga chiqqanida azon aytilar, xutba o‘qib bo‘lib, minbardan tushganida, iqoma aytilib, namoz o‘qilar edi.

Ammo hazrati Usmon xalifa bo‘lgan paytlarida Islom diyori kengayib, musulmonlar soni ko‘paygan edi. Imom minbarga chiqqanidan keyin azon aytilib, xutba qilar, shundan so‘ng juma namozi o‘qiladigan bo‘lsa, uzoqroqdagi kishilar azonni eshitgandan so‘ng harakat qilib, masjidga kelsalar, namozga kechikadigan bo‘lib qoldilar, chunki u paytlarda soatlar yo‘q edi. Kishilar namoz vaqtining kirganini azon aytilganidan bilar edilar.

Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida odamlar namozga kechikayotganlari kuzatilgach, ularni oldinroq xabardor qilish uchun juma namozining vaqti kirishi bilan bir qo‘shimcha azon aytish joriy qilindi.

Bu azon Madinai munavvaraning bozori ichidagi «Zavro» deb atalgan joyda, bir uyning tomida aytilar edi. Bozor qilish va boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib yurgan odamlar o‘sha birinchi azonni eshitib, juma namozining vaqti kirganidan xabardor bo‘lar, ishlarini yig‘ishtirib, tahorat qilib, masjidga to‘planar edilar.

Peshin namozining haqiqiy vaqti bo‘lganida esa imom minbarga chiqar va muazzin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, hazrati Abu Bakr va Umarlar davridagi kabi azon aytar va odatdagidek davom ettirib ketilar edi.

Bu ish o‘z samarasini ko‘rsatdi. Musulmonlar juma namoziga kech qolmaydigan bo‘ldilar. Bu amal hammaga ma’qul kelib, juma namoziga ikki marta azon aytish hamma joylarda joriy qilinib, sobit bo‘lib qoldi.

Bu narsaga hozir ham hamma joylarda va mazhablarda amal qilinadi. Birorta odam «Nima uchun bunday?» deb e’tiroz bildirmaydi. Shunday bo‘lishi kerak ham.

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

 

Boshqa maqolalar

Sahoba bo‘lolmagan tobe’in: Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh

03.07.2026   6323   1 min.
Sahoba bo‘lolmagan tobe’in: Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh

Ulug‘ tobe’in Abdulloh ibn Sanobihiy rahimahulloh (asl ismlari Abdurahmon ibn Usayla)ning hayoti bugungi kun kishisi uchun – ayniqsa, vaqtning qadri, go‘zal xotima va maqsad sari intilish borasida ulkan ibrat maktabidir.

Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rish, u zotdan bevosita hadis eshitish ishtiyoqida Yamandan Madinaga qarab yo‘lga chiqadi. Biroq, Madinaga yetib kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafot etganlari haqida xabar topadi. Nabiy alayhissalom besh kun oldin vafot etgan edilar. Abdurahmon ibn Usayla payg‘ambarimizni ko‘ra olmay, sahobalik sharafiga 5 kun kechikkani sababli erisha olmaydi...


Bugungi kunda biz “ertaga qilaman”, “keyinroq boshlayman” deb yillarni boy beryapmiz. Smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar ichida yashayotgan hozirgi avlod uchun ushbu qissa – vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xayrli ishlarni kechiktirmaslik uchun eng katta ogohlantirishdir.
 

Ma’lumot o‘rnida: Yamandan Madinagacha bo‘lgan masofa (masalan, poytaxt Sano yoki janubdagi Adan) yo‘nalishga qarab taxminan 1100-1400 kilometrni tashkil qiladi. Abdurahmon ibn Usayla rahimahulloh yashagan asrda bu masofa piyoda yoki tuyalarda, cahroning issiq va xavfli yo‘llari orqali bosib o‘tilgan. Tuyalar karvoni kuniga o‘rtacha 30-40 km yo‘l yurgan. Demak, Yamandan Madinaga yetib borish uchun o‘rtacha 35-45 kun (taxminan 1,5 oy) vaqt talab etilgan.

 

Davron NURMUHAMMAD