Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Termizda ilmiy-amaliy anjuman boshlandi

17.10.2024   21889   2 min.
Termizda ilmiy-amaliy anjuman boshlandi

Termizda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.

Anjuman Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.  

Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.  

Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi  qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.  

Ikki kun davom etadigan tadbirda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan din arboblari, nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.  

Anjumanning yalpi majlisida Imom Termiziy va termiziy allomalar ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot faoliyati va uslublarini zamon talablariga mos holda rivojlantirib borish, targ‘ibotning yangi metodlari va vositalaridan keng foydalanish yuzasidan  tajriba almashiladi. Islom dini ravnaqiga, Islom sivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qo‘shgan Imom Termiziy va termiziy allomalarning olamshumul ahamiyatga molik diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar natijalari umumlashtirilib, ularning navbatdagi bosqichida dolzarblik kasb etayotgan vazifalar belgilab olinadi. Muqaddas islom dinining asl g‘oya va maqsadlarini xato talqin etib, ularni buzg‘unchi maqsadlarda sharhlash yo‘li bilan yoshlarning ongi va dunyoqarashini zaharlashga harakat qilayotgan oqimlarga qarshi islom ulamolari, diniy va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini birlashtirishga, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratiladi.    

Anjumanning shu’ba yig‘ilishlarida Termiz hadis maktabi, Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosi, Imom Termiziyning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarining o‘ziga xos jihatlari, Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosi, Hakim Termiziyning hadis ilmida tutgan o‘rni, Termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati kabi ko‘plab mavzularda qiziqarli ma’ruzalar tinglanib, muhokama etiladi.  

Tadbir yakunida Termiz davlat universitetida “Imom Termiziy ilmiy merosi: Anjuman taassurotlari va istiqbol rejalar” mavzuida ilmiy davra suhbati o‘tkaziladi.  

Xalqaro anjuman ishtirokchilarining Termiz tumanidagi Hakim Termiziy, Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmualari va boshqa muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishi ham rejalashtirilgan.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

17.08.2026   64439   1 min.
24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.

Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.

27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari