Termizda “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Anjuman Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Ikki kun davom etadigan tadbirda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan din arboblari, nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etmoqda.
Anjumanning yalpi majlisida Imom Termiziy va termiziy allomalar ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan targ‘ibot faoliyati va uslublarini zamon talablariga mos holda rivojlantirib borish, targ‘ibotning yangi metodlari va vositalaridan keng foydalanish yuzasidan tajriba almashiladi. Islom dini ravnaqiga, Islom sivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qo‘shgan Imom Termiziy va termiziy allomalarning olamshumul ahamiyatga molik diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar natijalari umumlashtirilib, ularning navbatdagi bosqichida dolzarblik kasb etayotgan vazifalar belgilab olinadi. Muqaddas islom dinining asl g‘oya va maqsadlarini xato talqin etib, ularni buzg‘unchi maqsadlarda sharhlash yo‘li bilan yoshlarning ongi va dunyoqarashini zaharlashga harakat qilayotgan oqimlarga qarshi islom ulamolari, diniy va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini birlashtirishga, buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish asosida yoshlar ongida sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga e’tibor qaratiladi.
Anjumanning shu’ba yig‘ilishlarida Termiz hadis maktabi, Imom Termiziy hayoti va ilmiy merosi, Imom Termiziyning hadis ilmi rivojida tutgan o‘rni, Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarining o‘ziga xos jihatlari, Hakim Termiziyning hayoti va ilmiy merosi, Hakim Termiziyning hadis ilmida tutgan o‘rni, Termiziy allomalar ilmiy merosi va ularning hozirgi kundagi ahamiyati kabi ko‘plab mavzularda qiziqarli ma’ruzalar tinglanib, muhokama etiladi.
Tadbir yakunida Termiz davlat universitetida “Imom Termiziy ilmiy merosi: Anjuman taassurotlari va istiqbol rejalar” mavzuida ilmiy davra suhbati o‘tkaziladi.
Xalqaro anjuman ishtirokchilarining Termiz tumanidagi Hakim Termiziy, Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmualari va boshqa muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishi ham rejalashtirilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
Yurtimizdagi jome masjidlarda 2025 yil 6 iyun juma kuni Qurbon hayiti namozi o‘qiladi. Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi jome masjidlarda ertalab soat 05:10 da Qurbon hayiti namozi o‘qiladi.
Respublikamiz hududlarida Qurbon hayiti namozi jome masjidlarda quyidagi vaqtlarda ado etiladi:
Andijon 05:00
Namangan 05:00
Farg‘ona 05:00
Toshkent sh. 05:10
Toshkent v. 05:10
Sirdaryo 05:20
Jizzax 05:20
Samarqand 05:20
Surxondaryo 05:25
Qashqadaryo 05:25
Navoiy 05:30
Buxoro 05:30
Xorazm 05:45
Qoraqalpog‘iston Res. 05:50
Ushbu jadvalda ko‘rsatilgan vaqtlar quyosh chiqqanidan keyin 15-20 daqiqalik farqni inobatga olib belgilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati