“Islom – tinchlik va ezgulik dini" mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari bu jihatlarni alohida e’tirof etmoqda.
Bu haqda Dorul-ulum Karachi islom universiteti (Pokiston) professori Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy o‘z fikrlarini bildirdi:
–Ulug‘ allomalar yurtida o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanda ma’ruza bilan ishtirok etganimdan bag‘oyat mamnunman.
O‘zbekiston asrlar osha butun jahonga buyuk va zabardast ulamolarni yetishtirib bergan muborak zamindir. Bu zaminda tug‘ilib, voyaga yetgan ulug‘lar shunchalik ko‘pki, ular butun olamni ilm-ma’rifatga, nurga to‘ldirganlar. Islom ilmlarining barcha sohalari, Qur’on va tafsir, hadis, fiqh kabi yo‘nalishlarda eng yuksak maqomga erishganlar. Bu yurtdan yetishib chiqqan allomalarning ilm-fanning turli sohalarida qo‘lga kiritgan yutuqlari naqadar yuksak darajada ekani hech kimga sir emas. Buni butun olam biladi.
Bolalik vaqtimda qulog‘imga chalingan dastlabki so‘zlardan biri Buxoriy nomi bo‘lgan. O‘shandan buyon Imom Buxoriy dunyoga kelgan tabarruk diyorga kelishni orzu qilganman. Necha asrlar o‘tibdiki, bu ulug‘ zot qarshisida butun dunyo ulamolari ta’zim qilib keladilar. Bu zamindan yetishib chiqqan allomalarning sanog‘iga yetish juda qiyin. O‘zbekistonga 5 yil muqaddam kelgan edim. Shu yillar mobaynida mamlakatda juda katta bunyodkorlik ishlari, katta o‘zgarishlar bo‘lganiga guvoh bo‘lib turibman.
N.Usmonova, O‘zA
Xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida Podshoh Abdulaziz nomidagi Qur’oni karim hifzi, qiroati va tajvidi bo‘yicha 45-xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tmoqda.
Musobaqaning “Hifz” yo‘nalishida “Ko‘kaldosh” bilim yurti talabasi Shukurbek qori Shuhratbekov va “Qur’oni karimning 15 juzini tajvid bilan yoddan o‘qish” yo‘nalishida esa “Sayyid Muhyiddin maxdum” bilim yurti talabasi Dostonbek qori Sodiqov ishtirok etmoqda.
Qorilarimiz mazkur musobaqaning saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, yakuniy bosqichga etib keldi.
Bugun Toshkent vaqti bilan 18:30 da yurtimiz vakillari musobaqaning yakuniy bosqichida ishtrok etadi.
Alloh taolodan Vatanimiz sha’nini himoya qilayotgan qorilarimizga muvaffaqiyat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati