Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilgan «Islom – tinchlik va ezgulik dini» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya uning ishtirokchilarida katta taassurot uyg‘otdi. Bu jihatlar xorijdan kelgan ishtirokchilarning fikrlarida ham o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.
Ahmad Ol Qosimiy, “HEDAYAH” zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markazi raisi ijrochi direktori (Birlashgan Arab Amirliklari):
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga ushbu muhim anjumanni tashkil etgani uchun tuzilmamiz nomidan samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Anjuman doirasida Din ishlari qo‘mitasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilib oldik. So‘nggi yillarda markazimiz va O‘zbekistondagi diniy sohaga oid ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlandi.
Bugungi tahlikali davrda dinni noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida ko‘plab ziddiyatlar sodir bo‘layotgani achinarli, albatta. Shaxsan men buning sababini ilmsizlikda va dinni to‘g‘ri anglamaslikda, deb bilaman. Yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilishning bir qancha yo‘llari mavjud va ularning avvalida ilm va yana ilm turadi.
O‘zbekistondek buyuk allomalarga Vatan bo‘lgan yurtda bo‘lib o‘tgan ushbu anjuman islom ma’rifatini teranroq anglashga yordam beradi.
Shu ma’noda, ushbu konferensiyani ezgulik anjumani, deb atash mumkin.
N.Usmonova, O‘zA
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi yakunlanish bosqichida turibdi. Ayni vaqtda markaz binosida qurilish va ichki bezak ishlari deyarli tugallangan, ekspozitsiya va kontent bilan boyitish ishlari faol ravishda olib borilmoqda.
Hozirda mamlakatimiz va xorijdan jalb qilingan 2000 ga yaqin olim, mutaxassis, dizayner, usta va me’morlar 800 dan ortiq loyiha ustida ish olib bormoqda.
Birinchi bosqichda namoyish etilishi rejalashtirilgan taxminan 400 ta loyiha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Sivilizatsiya, shaxs, kashfiyot” konsepsiyasi asosida shakllantirilmoqda. Mazkur konsepsiyaga muvofiq, ekspozitsiyalar tarixiy, ilmiy manbalar va arxeologik dalillarga asoslangan holda mazmun bilan to‘ldirilmoqda.
Jumladan, markaz kontentini boyitish maqsadida 59 ta maket yaratish rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan 24 tasi zamonaviy 3D formatida bo‘ladi. Barcha maketlar yuqori sifatli, aniq va ilmiy asoslangan bo‘lishi talab etiladi. Maketlar muzey darajasiga mos bo‘lishi va vaqt omili sifatga ta’sir qilmasligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu sohadagi muhim hamkorlik tashabbuslaridan biri alohida e’tiborga sazovor. O‘zbekistondagi eng ommabop teleplatformalardan biri — “Sevimli” telekanali tarixiy yodgorliklarning maketlarini tayyorlash ishlarini amalga oshirmoqda.
“Sevimli” telekanali tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga 25 ta tarixiy me’moriy yodgorlik maketini bepul taqdim etish rejalashtirilgan. Ushbu maketlar “Artefact” kompaniyasi tomonidan telekanal buyurtmasiga binoan tayyorlanmoqda. Ushbu jarayonda 15 nafar mutaxassis – texnik xodim va modellashtirish dizaynerlari faol ishtirok etmoqda.
I.Ahmedov tayyorladi.