Men bugungi halqaro anjuman sabab islom olamining 6 buyuk muhaddis olimlaridan 2 nafari – Imom Buxoriy va Imom Termiziy tavallud topgan va qo‘nim topgan maskan – O‘zbekiston hududiga kelib, u zotlarning muqaddas go‘shalarini ziyorat qilishimni nasib etgan Allohga hamdlar aytaman.
Mazkur xalqaro anjumanni tashkil etib, bizlarni unga taklif etgan O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatiga, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga o‘zimning samimiy minnatdorligimni bildiraman.
Ushbu xalqaro anjuman islom olami hadisshunoslik sohasida yangi bosqichni ochib berishi, qolaversa, Imom Termiziy va termiziy allomalarning ilmiy merosini chuqur tadqiq etishda dasturulamal bo‘lishi shubhasiz.
Prof. Dr. Nazir Muhammad Ayyad
Misr Arab Respublikasi muftiysi
Savol: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Maqomi mahmudning egasi bo‘lsalar, unda nega azon aytilganidan keyin “Allohim, u zotni O‘zing va’da qilgan Maqomi mahmudga yetkazgin”, deb duo qilamiz? Bundan go‘yoki (Alloh saqlasin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Maqomi mahmud berilmagandek bo‘lib chiqmayaptimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bunday emas. “Maqomi mahmud” “Maqtalgan maqom” ma’nosida bo‘lib, aksariyat ulamolar nazdida “Maqomi mahmud”dan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning buyuk shafoatlari iroda qilingan. Bu izzat va karomatning eng oliy maqomi bo‘lib, u Odam avlodidan faqatgina ul muborak zotgagina nasib etgan, xolos.
Shuningdek, azon so‘ngida o‘qiladigan duoda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bizga Alloh taolodan u zot uchun “Maqomi mahmud”ni so‘rashni o‘rgatganlar. Bu maqomni Alloh taolo u zotga va’da qilgan.
Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom mazkur duoni qilish orqali u zotning shafoatlariga noil bo‘lishimizning xushxabarini ham berganlar. Albatta, U zot alayhissalomga “Maqomi mahmud” so‘rashimiz, bu maqom u zotga berilmaganligini anglatmaydi, chunki Alloh taoloning va’dasi amalga oshgan ish kabidir.
Shunday ekan, bizning azon duosida “Maqomi mahmud”ni Allohdan so‘rashimizning ma’nosi nima degan savolga ulamolar u zot bizning duoyimiz tufayli Maqomi mahmudga erishmaydilar, balki Alloh taolo u zotga bu maqomni aniq qilib qo‘ygan.
Biz bu duoni u zotning shafoatlariga noil bo‘lish uchun qilamiz. Bundan tashqari bunday duo qilishning ma’nosi yo “Maqomi mahmud”ning bardavom bo‘lishini, ya’ni u zotga berilgan maqtalgan maqomni davomli qilgin deb so‘rash ma’nosida yoki banda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlariga duo qilish orqali o‘z ehtiyojlarini Alloh taolodan so‘rashi mumkin ekanligiga ishoradir, deb javob berganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.