Bugun O‘zbekistonda muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida diniy va ma’rifiy sohada, xususan, islom ilmlari sohasida juda katta yangiliklar, yaxshiliklar amalga oshirilmoqda.
Bugungi murakkab dunyoda diniylik va dunyoviylik muvozanatini ushlash juda ham murakkab, biroq mana shu qiyinchilikni qanday chiroyli tarzda yengib o‘tish, amalga oshirish mumkinligini O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, bu siyosatni yuritish oson emas. Lekin mana shu mo‘tadil siyosatni O‘zbekiston Prezidenti yuritayotgani bu barchaga va barcha davlatlarga, albatta, o‘rnak bo‘ladi.
Qadim tarixiy manbalarni tadqiq qilish, undagi ezgu g‘oyalarni nafaqat O‘zbekiston, balki jahon ommasiga yetkazishda bu kabi anjumanlarning o‘rni nihoyatda katta hisoblanadi.
Prof. Ali Muhyiddin Qoradog‘iy
Butunjahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi, Doha dinlararo muloqot markazi raisi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti" nomli kitobining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oliy Majlisi vakillari, Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining maslahatchisi va matbuot kotibi Murtazo Solangi, ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari, fan, adabiyot va media sohalari namoyandalari ishtirok etdi.
“O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” kitobi badiiy-publitsistik asar bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi va amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan. Unga so‘zboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgani esa davlatlarimiz rahbarlari va xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va yaqin do‘stlikning yorqin ramzidir.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu asar Uchinchi Renessans va Yangi O‘zbekiston g‘oyalarining ahamiyati xalqaro miqyosda yanada teran anglanishi, O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi va do‘stligi yanada mustahkam bo‘lishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.