Xalqaro anjuman
Global dunyoda ajdodlarning ilmiy merosi hamda boy hayotiy saboqlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Yoshlar tafakkurini bilim ziyosi bilan toʻldirishga harakat qilmas ekanmiz, ularni chalgʻitadigan, oʻz domiga tortadigan buzgʻunchi gʻoyalar sanoqsiz. Biroq tafakkur himoyasiga bir butun boʻlib, jamiyat miqyosida kirishilmas ekan, natijasi haminqadar boʻlib qolaveradi. Shukrki, zohiriy-botiniy xatarlarga sergak millatimiz bu borada anchayin jips. Ayni harakatlarga davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotgani esa natijalar choʻgʻini olovga aylantiradi.
Prezidentimizning 2024-yil 15-avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida, uning doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazilishi belgilangan.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2024-yil 18-oktabr, 211-son
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’ati yig‘ilishi qarorlari ijrosini ta’minlash hamda tizim xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Toshkent shahridagi tuman masjidlari ish yurituvchilari uchun o‘quv-amaliy mahorat darsi tashkil etildi.
Tadbirda Diniy idoraning Huquqshunoslik bo‘limi mutaxassislari sohaga oid qonunchilik talablari va ijro intizomi bo‘yicha quyidagi muhim yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldilar:
masjidlar rahbar organlari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida belgilangan tartibda (bir oy muddatda) adliya idoralariga rasmiy ma’lumot taqdim etish;
masjid ustavi, guvohnomalari va boshqa ta’sis hujjatlarini qonunchilik talablari asosida yuritish hamda saqlash;
imom-xatib va noiblarning besh vaqt namozlarda xizmat joyida bo‘lishini ta’minlash;
masjid binolarida olib boriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarining loyiha hujjatlarini vakolatli idoralar bilan oldindan belgilangan tartibda kelishish.
Qizg‘in savol-javob va muhokamalar ruhida o‘tgan mahorat darsida ishtirokchilar kundalik ish faoliyatida yuzaga kelayotgan huquqiy masalalar bo‘yicha batafsil tushuntirish va amaliy tavsiyalar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati