O‘zbekistonning Kuvaytdagi favqulodda va muxtor elchisi Ayyubxon Yunusov Kuvayt davlati amiri shayx Mishal al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqa suhbatda Shayx Mishal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan 2023 yil iyul oyida Jidda shahrida “Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo” strategik muloqotining birinchi sammiti doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvini iliqlik bilan esladi.
Shuningdek, Quvayt amiri 2025 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi – Markaziy Osiyo strategik muloqotining ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif etildi.
Ishonch yorliqlarini topshirish marosimi Quvayt ommaviy axborot vositalarida, xususan, yetakchi kundalik “al-Jarida”, “al-Vatan” gazetalarida hamda “KUNA” davlat axborot agentligi saytida keng yoritildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi elchisi Ayyubxon Yunusov 6 fevral kuni Quvaytga tashrif buyurdi. Quvaytga tayinlanishidan oldin u Tashqi ishlar vazirligining konsullik-huquqiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati