Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz – Qur’onni o‘rganib, uni boshqalarga o‘rgatganingizdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – umri uzun va amali go‘zal bo‘lganingizdir”, dedilar (Imom Ahmad, Imom Ibn Hibbon, Imom Bayhaqiy rivoyati);
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – yaxshiligidan umid qilinuvchi va yomonligidan omonda bo‘linuvchingizdir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz (odamlarga) taom beradigan va salomga alik oladiganingizdir”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz qarzini go‘zal ado etuvchilaringizdir", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning eng yaxshilaringiz axloqi yaxshilaringizdir", (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV