1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning 1-moddasi va Bosh Qomusimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili” ekanligi belgilab qo‘yilgan.
1995 yil 21 dekabrda “Davlat tili haqida”gi qonunining yangi tahriri qabul qilindi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tili ildizlari kamida V-VII asrlarga mansub O‘rxun-Enasoy bitiklariga borib taqaladi. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari turkiy tillar tarixi, shu qatorda o‘zbek tilshunosligi uchun ham muhim manba sanaladi.
Tarixan O‘zbek tilining takomilida o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillaridan Navoiy, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Atoiy, Sakkokiy, Amiriy, Yaqiniy, Lutfiy singari shoirlar yaratib qoldirgan merosning ahamiyati beqiyos.
Navoiy:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam, —
Abdulla Qodiriy ona tilimiz borasida kuyunib shunday degan edi: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.
Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tili ham bor.
“Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.
https://t.me/oliymahad/32745
Bugun, 13 may kuni muborak haj safarini niyat qilgan hojilarimizning dastlabki guruhi muqaddas zamin tomon yo‘lga chiqishdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, shuningdek, taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘lishdi.
Muborak safar oldi Muftiy hazratlari Alloh taoloning bayti sari yo‘l olayotgan ziyoratchilar eson-omon Haj amallarini bajarib, yurtimizga sog‘-salomat qaytib kelishlarini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Shunday qilib, orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj – 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdilar.
Alloh taolo Haj amalini ado etishga otlangan yurtdoshlarimizning safarlarini xayrli va barakali qilsin!