Cavol: Hozirgi kunda ko‘plab supermarketlarda sotuvdagi mahsulot ostiga uning narxi ham yozib qo‘yilgan. Xaridorlar ulardan keragini olib, oxirida kassaga kelib to‘lov qiladi. Shu holatda olingan mahsulotni kassaga kelishdan oldin ichib yoki yeyishning zarari yo‘qmi? Chunki hali sotuvchi bilan oldi-sotdi bo‘lmagan bo‘ladi-ku.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Tagida narxlari yozib qo‘yilgan mahsulotni olishning o‘zi ham savdo bo‘laveradi. Buni “Taotiy” (olish-berish) savdosi deyiladi. Ya’ni narxi yozib qo‘yilgan yoki avvaldan ma’lum bo‘lgan mahsulotni hech nima demasdan narxini to‘lab olib ketish ham savdoning bir turidir. Bu savdoda “sotdim” va “sotib oldim” deyish shart bo‘lmaydi. Sotuvchi tomonning mahsulot ostiga narxni yozib qo‘yishi “Bu mahsulotni shu narxga sotamiz”, degani, xaridor peshtaxtadan o‘sha mahsulotni sotib olish maqsadida qo‘lga olishi “Shuni sotib oldim”, degani bo‘ladi. Ya’ni mijoz ko‘rsatilgan narxga rozi bo‘lib narsani olishi sotib olishga o‘taveradi.
“Hidoya” kitobida bunday deyiladi: “Qimmatbaho va arzon mahsulotlarda ikki tomonning roziligi topilgani uchun “taotiy” bilan qilingan savdo bog‘lanaveradi”.
Siz aytgan holatda xaridor mahsulotni qo‘lga olishi, uni yeyishi yoki ichishi shu narxga rozi bo‘lganidan darak beradi. Faqat uni yeb yoki ichib qo‘ygandan keyin “buni sotib olmayman”, deb ortga qayta olmaydi. Pulini to‘laydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz