O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 23 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan imom-xatib faoliyati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, ishga kirish hamda moddiy yordam olish singari masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2026 yil 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va noib imomlar ishtirokida “Zakovat” intellektual bellashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va tafakkurini yanada boyitish, shuningdek, mustaqillik bayramini ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng nishonlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan jamoalar Islom tarixi, fiqh, aqoid, ma’naviy-ma’rifiy hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tezkorlik va bilimdonlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakunda Qarshi shahri va Nishon tumani vakillaridan iborat bo‘lgan jamoa eng ko‘p ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib hamda sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati