“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur’oni karim
Baqara surasi, 208-oyat
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning va millatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g‘alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
Your browser doesn't support video.
Please download the file:
1971 yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga bu kunni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qilgan.
BMT Ustavida ko‘rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta’kidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta-kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat’iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta’sis qilishga rozilik berdik!”

Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar “Barcha davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish hamda ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tinchlik, adolat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.
BMT Ustavi barcha davlatlar rioya etilishi shart bo‘lgan yagona xalqaro hujjatdir.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng – 1992 yilning 2 martida BMTga a’zo bo‘ldi.
Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo‘lib, ulardan 193 tasi BMTga a’zo bo‘lgan. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo‘lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko‘tarilgan.
1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.

O‘zbekiston Respublikasi BMTning tenghuquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib kelmoqda.
Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan so‘ng qo‘shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat bo‘ldi va u tufayli O‘zbekiston BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga o‘zining davriy milliy ma’ruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qat’iy ravishda bajarib kelmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda muhtaram Prezidentimizning rahnamoliklarida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolikning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolarning o‘zlari ham ishtirok etmoqdalar. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini e’lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor o‘z ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng ko‘p tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat ko‘plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi”, – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.

Ushbu deklaratsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir.
1991 yil 30 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikkinchi bo‘limi mazkur deklaratsiya talablariga to‘la mos bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi ta’minlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo‘l-yo‘rig‘i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo‘shib ochib berildi. Hamda O‘zbekistonning keng ko‘lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.
Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.
Davlatimiz Rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosatining ma’naviy yo‘nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, o‘z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishligini ta’kidlab, bayon qildilar.

Shuningdek, davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da’vat etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonni huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “Umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning ma’lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo‘lgan masalalarga bag‘ishlab qo‘ygan.

“Dinlararo bag‘rikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Xalqaro ona tili kuni” fevral oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol bo‘lishida haqiqatni o‘rnatish kuni”. Aprel oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida kuni”, “Yo‘l harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok o‘lganlarni xotiralash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” bo‘lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, ba’zi muammolarni yechilishida o‘z samarasini bermoqda.

BMT o‘z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko‘plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo‘g‘irilgan.
BMT Ustavida ta’kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror.
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoliklarida hukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida mehnatkash xalqimiz ko‘p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda... Bunga dunyo tan bermoqda...
Ibrohimjon domla Inomov
#xabar #uchrashuv #vatandosh
O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiya safari doirasida 25 mart kuni Shvetsiya, Norvegiya va Daniyada o‘qish va ish bilan bo‘lib turgan 200 nafardan ziyod vatandoshlarimiz bilan bir piyola choy ustida uchrashuv tashkil qilindi.
Tadbir avvalida Shvetsiyadagi vatandoshlar jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xususan, milliylikni saqlash, hamjihatlikni mustahkamlash, sport musobaqalari va ta’lim-tarbiya ishlari to‘g‘risida taqdimot qilindi.
Uchrashuvda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar holidan xabar olish, ularning huquq va manfaatlari, e’tiqodlarini himoyalash borasida Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan juda katta ishlar qilinayotgani e’tirof etildi. Jumladan, Ramazon oyida ulamolar, imom-xatiblar va qorilarni dunyo davlatlariga yuborish an’anaga aylangani, bu yil ham bir guruh ulamolar Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH va Yevropa mamlakatlarida bo‘lib qaytgani, u yerlarda vatandoshlarimiz uchun iftorlik dasturxonlari yozilib, ma’rifiy suhbatlar tashkil etilgani yuqori baholandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari vatandoshlar jamoasi va ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘zbek jamiyati muhiti yaxshi shakllangani, Vatan nafasi yaqqol sezilib turgani va vatanparvarlik fazilati sayqallanayotganini ta’kidladilar.
Yangi O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Ramazon oyidagi tadbirlar, xatmi Qur’onlar, Qadr kechasidagi duolar, Ramazon hayiti arafasida Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi ochilishi katta bayram tuhfasi bo‘lgani alohida qayd etildi.
Muftiy hazratlari Vatan va unga bo‘lgan muhabbat tushunchasi borasida Qur’oni karim oyatlari, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalar asosida so‘zlab berdilar.
Mamlakatimizda insonni qadrlashga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortayotgani, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xayriya ishlariga juda katta mablag‘ ajratilgani raqamlar va misollar asosida keltirib o‘tildi.
Shuningdek, bugungi murakkab va qaltis davrda har qachongidan ham ogoh va hushyor bo‘lib yashash zarur bo‘layotgani, har qanday diniy masalada savol yoki murojaatlar bo‘lsa, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markaziga bog‘lanish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Vatandoshlarimiz, xususan, fan doktori Muhiddin Shirinov Sobiq ittifoq davri bilan bugungi kunni qiyoslansa, juda katta o‘zgarishlar bo‘lgani, xususan, Shvetsiya parlamentida chiqish qilish ham O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi nufuzi ortib borayotganiga bir misol bo‘lishini ta’kidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan vatandoshlarning ilm-fan, madaniyat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sport sohasidagi yutuqlari yuqori baholandi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vatandoshlar tomonidan tashkil etilgan korxonalar faoliyati bilan ham tanishdi.
Uchrashuvda vatandoshlarimiz olis masofalardan kelib ona Vatan nafasini his ettirishga harakat qilgani uchun delegatsiya a’zolariga o‘z minnatdorliklarini izhor etishdi. Yakunda Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati