Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448
Maqolalar

Ikki yo‘l bor: dinni inkor qilish yo dinga ergashish

24.10.2024   6151   3 min.
Ikki yo‘l bor: dinni inkor qilish yo dinga ergashish

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mustabid kommunistik tuzum dinga qarshi kurashib, millionlab odamlarning hayotini parokanda qilgani barchamizga ma’lum. Ammo dahshatli ahvolga tushib qolgach, noiloj dinga qaytishga, oilaviy hayotda, iqtisodiy turmushda ma’lum bir nizomlarga amal qilishga majbur bo‘ldi.

Oldimizda ikki yo‘l bor: yo dinni inkor qilish, yo dinga ergashish. Dinni inkor qilgan davlatlar qadimda ham bo‘lgan, hozir ham bor. Buning natijasida ular qanday qiyinchilik va muammolarga duch kelgani barchamizga ma’lum.

Shu bois dinga juda katta ehtiyoj bor. Allohga iymon keltirishdan, dinga e’tiqod qilishdan boshqa chora yo‘q! Insoniyat dinga nihoyatda muhtoj va undan hech qachon behojat bo‘lmaydi. Dinsiz jamiyatda, davlatda, oilada va shaxsda katta mashaqqatlar, ulkan muammolar yuzaga keladi.

Bunday muammolarning eng og‘iri – bugungi kunda musulmon ummatiga ixtilof, tafriqalar solinayotganidir. Mo‘min-musulmonlarni zimdan bir necha toifaga ajratib, shu tariqa ummatning birligiga raxna solinmoqda. Biz hozir bunday toifalarning ikki asosiy belgisini aytish bilan kifoyalanamiz. Bu – tahallul va tashadduddir, ya’ni o‘ta yengil olish va o‘ta qattiq olish. «Tahallul maktabi» dinni yengil sanab, unga yengil-yelpi amal qilishga chaqiradi.

«Tashaddud maktabi» esa o‘ta chuqur ketib, qattiq ushlashni, mutaassiblikni yoqlaydi. Demak, ularning biri dinda faqat oson yo‘lni, yengil yo‘lni tanlashga chaqirsa, boshqasi faqat qattiq turish tarafdori. Bu juda chuqur o‘ylangan usul, chunki odamlarning tabiati shunday: bir toifa yengillikni yoqtirsa, ikkinchisi qattiq turishni yoqlaydi. Ammo uchinchi yo‘l ham bor bo‘lib, bugungi kunda mana shu uch maktab, ya’ni uch yo‘nalish shakllangan. Hanafiy fiqhiga kirish aynan shuni o‘rganishdan boshlanadi.

Mazkur uch yo‘nalish yuqorida aytib o‘tilgan «tashaddud», ya’ni taassubona qattiq turib olish yo‘nalishi, «tahallul», ya’ni yengil-yelpi amalni yoqlash yo‘nalishi hamda bu ikki yo‘lning o‘rtasi – «tavassut», ya’ni mo‘tadillik yo‘nalishidir. Mazkur ikki yo‘nalish mustamlakachilik ta’sirida paydo bo‘lgan. Uchinchi, mo‘tadil maktab esa sof Islomni avloddan avlodga yetkazib kelayotgan maktabdir. Bu haq maktabdir, haqni gapiruvchi maktabdir. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: «Nega aynan shu maktab haq? Bundan boshqasi ham haq bo‘lishi mumkin-ku? Aynan shu maktab haqligiga dalilingiz bormi?» Biz Qur’onga iymon keltiramiz. Qur’onda «Zikrni Biz nozil qildik va uni O‘zimiz muhofaza qilamiz» degan oyat bor. Demak, Alloh taolo bu dinni O‘zi muhofaza qiladi. Kim bunga shubha qilsa, kofir bo‘ladi, Qur’onni yolg‘on degan bo‘ladi. Xo‘sh, Alloh taolo bu dinning saqlanib qolishiga qaysi yo‘lni sabab qildi?

«Sizlar insonlar uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘ldingiz» degan oyatni eslang. Musulmonlarning 90 foizi Ahli sunna mazhabida ekan, «Mazhablar haq yo‘lda emas» desak, insoniyat uchun yaratilgan eng yaxshi ummat bo‘lmay qolamiz-ku! U holda holatimiz Qur’ondagi ushbu oyatga to‘g‘ri kelmay qoladi.

Ahli sunna sifatida, musulmon ummati sifatida insonlar uchun yaratilgan eng afzal ummat bo‘lmasak, unda bizning bu sifatimiz qayerda qoladi? Biz butun Islom tarixi davomida to‘rt fiqhiy mazhabga, ikki aqiydaviy mazhabga va tasavvuf mazhablariga ergashib keldik.

Shundan kelib chiqadiki, Ahli sunna haq yo‘l ekan. Alloh bu dinni mana shu fiqhiy mazhablar vositasida muhofaza qilib keldi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

07.08.2026   21910   1 min.
Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.

IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.

Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.

Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."

Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.

Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:

Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari