Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Noyabr, 2026   |   5 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:11
Peshin
12:13
Asr
15:23
Shom
17:07
Xufton
18:23
Bismillah
15 Noyabr, 2026, 5 Jumadul soni, 1448

Falonchi baxtli, men baxtsizman

24.10.2024   8544   2 min.
Falonchi baxtli, men baxtsizman

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Mish-mishlarga e’tibor bermang... Falonchi siz haqingizda mana bunday deyapti, fistonchi meni haqimda ana unday tuhmat tarqatayotgan ekan, do‘stim mendan o‘zini tortib qoldi va hokazolar haqida o‘ylashni bas qiling. Falonchilar va falon narsalar haqida fikringizni behuda band qilishdan saqlaning.

Bunday narsalar sizga faqat muammolar, ko‘ngilsizliklar va hatto turli kasalliklar keltiradi holos.

Sizga kimlar nohaqlik qilgani, kimlardan yomonlik ko‘rganingiz, qanday qilib siz ularga javob qaytarmay yurganingiz kabi o‘tmish voqea-hodisalarni unuting. Zero, o‘tmishdagi bunday ishlarni eslash qalbingizda qaytadan g‘azab o‘tini yoqadi, nafratingizni oshiradi, o‘shanda qanchalik ojiz bo‘lganingizni his qildiradi. O‘zingizdagi kamchilik-nuqsonlarga diqqat-e’tiborni qaratavermang.

Anchagina mablag‘ga muhtojman, qayerdan olsam ekan? Qaniydi mana bu dardga chalinmaganimda edi, koshki keng uyim bo‘lganida edi… Ishoning, agar siz o‘sha orzu qilgan narsalarga erishsangiz, ular ham sizga oz ko‘rinadi va undanda ko‘prog‘ini orzu qilasiz. Chunki qanoatsizlik insonni hech narsadan qoniqmasligining asosiy sababi.

Hech qachon o‘z hayotingizni boshqalarniki bilan solishtirmang. Sizda bor narsa balki, o‘sha siz havas qilgan insonda bo‘lmasligi mumkin. Alloh taolo odil Zot, har kimga rizqini adolat ila taqsimlab qo‘ygan. Falonchi mendan ortiqroq, mening ham farzandlarim fistonchining farzandlaridek bo‘lganida edi, falonchi baxtli, men baxtsizman... Bas, to‘xtang, hamma narsani o‘zingizni qosir aqlingiz, tor fikringiz bilan qiyoslayvermang.

Sizga har qancha yomonlik qilgan bo‘lsada, u odamdan o‘ch olish haqida o‘ylamang. Chunki o‘ch olish niyati sizni hayotingizni izdan chiqaradi, qalbingizda adovat paydo qiladi. Bordiyu o‘ch ololmay qolsangiz, umringiz davomida armonda o‘tasiz.

Hayot siz o‘ylagandanda buyukroq, uni sizga mashaqqat tug‘diradigan, asabingizni buzadigan ishlar bilan o‘tkazib yuborishingiz yaramaydi. Hayot insonga berilgan katta imkoniyat, buyuk fursat.

Atrofingizga ibrat nazari bilan boqing, sizdan ko‘ra baxtsizroq, sizdanda og‘irroq musibatlarga mubtalo bo‘lganlar bor. Ochlikdan o‘layotgan, suvsizlikdan qiynalayotgan, doimiy urush alangalari ichida yurak yutib yashayotgan xalqlar bor.

Birorta ruhiy xastaliklar kasalxonasiga borib ko‘ring, o‘zingizni holingizga mingdan-ming shukr, hamdu sanolar aytib yuborasiz. Ularning musibati oldida sizniki hech narsa emasligiga tan berasiz, amin bo‘lasiz.

Xonadoningizda quvirdan oqib turgan muzdek zilol suvdan qonib ichingda, hayotdan huzurlanib, umr ne’matidan unumli foydalaning.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

14.11.2026   53577   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!

Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.

Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari