Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2026   |   6 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:28
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:56
Xufton
21:27
Bismillah
20 Iyul, 2026, 6 Safar, 1448

Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi

24.10.2024   28335   1 min.
Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi

Shu  yilning 14-17 oktyabr kunlarida Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari Diniy idorasi, Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlarining Diniy idorasi, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Islom madaniyati, ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan “Hozirgi zamonda ma’naviy va axloqiy qadriyatlar” mavzusida I Xalqaro diniy sammit tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ishtirok etdi.

Konferensiyada 55 dan ziyod davlatdan vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, muftiylar, diniy soha xodimlari, akademiya va universitet rektorlari, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar, yetakchi dinshunos olimlar, ilmiy, siyosiy va jamoat arboblari, milliy diasporalar vakillari, talabalar hamjamiyati hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi. 

Nufuzli simpoziumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov tomonidan I Xalqaro diniy sammit ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va duoyu xayrlarini yetkazib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi. 

Sammit doirasida O‘zbekistondagi bu xayrli ishlarga yuksak baho berildi. Shuningdek, bir qator yuqori martabali mehmonlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiylar yurtiga borish istaklarini samimiy izhor etishdi. 

Anjuman davomida mavzu doirasida ma’ruzalar qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi Xalqaro diniy sammitda O‘zbekistondagi islohotlar e’tirof etildi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zamonaviy ilmlardan to‘suvchi miflar

17.07.2026   14108   4 min.
Zamonaviy ilmlardan to‘suvchi miflar

Bugun, hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham, tushunarsiz mantiqqa guvohi bo‘lasiz. Qo‘lida eng so‘nggi modeldagi smartfon hamda sputnik orqali video ulashayotgan “ekspert”, bizga zamonaviy ilmlar kerak emas, faqat nargi dunyomizga oid ilmini o‘rganing, qolgan hammasi vaqtni behuda sarflash, dushmanlarning o‘yini, deb bong uradi.

Eng achinarlisi, bunday chiqishlar ostida minglab “layk”lar va “to‘g‘ri aytdingiz, bolalarni boshqa ilmlarga beraylik” qabilidagi soddadil zamondoshlarimizning izohlari paydo bo‘ladi.

Xo‘sh, aslida-chi? Zamonaviy ilmlarni inkor etish, tibbiyot, IT, astronomiya yoki fizikani “begona ilm” deb bilish qadriyatlarga to‘g‘ri keladimi yoki bu mutaassiblikmi yoki axborot xurujining mahsulimi?

E’tibor bergan bo‘lsak, zehniyatimizga zamonaviy ilmlarni inkor qiluvchi miflar o‘rnashib qolgan.

1-mif: “Dunyoviy ilmlar dindan uzoqlashtiradi”. Bu da’vo – ilmsizlikning oliy ko‘rinishidir. Tarixga nazar solaylik, bugun dunyo tan olgan Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Beruniy kabi bobolarimiz diniy ilmlarni ham, zamonaviy fanlarni ham birdek mukammal egallashgan. Ular matematika va astronomiyani o‘rganib, dindan uzoqlashib ketmaganlar. Aksincha, koinot qonuniyatlarini matematik hisob-kitoblar orqali anglash ularning Yaratuvchining qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan.

Bugun tibbiyotni inkor etib, “tabib”lik da’vo qilayotgan, farzandlarini ta’limdan uzib, faqat bir tomonlama o‘qitmoqchi bo‘layotganlar aslida jamiyatni zaiflashtirishga xizmat qilmoqda. Kuchsiz, qaram va nosog‘lom jamiyat esa har qanday tashqi kuchning oson o‘ljasiga aylanadi.

2-mif: “Zamonaviy texnologiyalar, IT va ijtimoiy tarmoqlar –buzg‘unchilik quroli”. Texnologiya bu, shunchaki vosita. Pichoq bilan non ham kesish mumkin, inson hayotiga suiqasd qilish ham. Muammo pichoqda emas, uni ushlagan qo‘lda.

Bugun sun’iy intellekt (AI), dasturlash va kosmik texnologiyalar asrida yashayapmiz. Agar biz o‘z yoshlarimizni ushbu sohalardan uzoqlashtirsak, ularni “zararli” deb e’lon qilsak, yaqin kelajakda o‘zgalarga qaram bo‘lib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, “texnologiyadan uzoq bo‘ling” deyishning o‘zi ikkiyuzlamachilikdir. Asl ma’rifat zamonaviy vositalarni egallab, ularni jamiyat va insoniyat foydasiga ishlata olishdir.

Axborot xurujlarini tashkil etuvchi tashqi kuchlar va mutaassib oqimlarning bosh maqsadi bitta: jamiyatni fikrlashdan to‘xtatish. Savodsiz, tahlil qila olmaydigan, kimyo va fizika qonunlarini tushunmaydigan, tibbiyotga ishonmaydigan odamni boshqarish juda oson.

Zamonaviy ilmlardan mahrum odamda tanqidiy fikrlash shakllanmaydi. U har qanday soxta da’vatga, diniy tus berilgan yolg‘on axborotga osongina ishonadi.

Ilm-fan va texnologiyadan orqada qolgan millat hamisha qashshoqlikka va boshqalarga muhtojlikka mahkum. Bu esa mutaassiblik tuzog‘iga tushish uchun eng qulay sharoitdir.

Sog‘lom tafakkur ilmni “diniy” va “dunyoviy”ga ajratmaydi. Insoniyatga, jamiyatga nafi tegadigan har qandan foydali bilim – sharaflidir.

Kasallarni davolayotgan shifokorning mehnati, murakkab dasturlarni yaratib, odamlarning og‘irini yengil qilayotgan IT mutaxassisining ishi, yurtni zamonaviy texnikalar bilan obod qilayotgan muhandisning izlanishi – bularning barchasi savobli va daromadli yo‘nalishlardir.

Qur’oni karimda dunyo va oxiratdagi barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlagan go‘zal duolardan biri bor.

Baqara surasi 201-oyatida: “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni do‘zax azobidan asragin”.

Bu duo nafaqat oxiratni, balki bu dunyodagi sog‘liq, halol rizq, baxtli oila, foydali ilm va tinchlik-xotirjamlik kabi barcha yaxshiliklarni so‘rashni o‘z ichiga oladi.

Tarmoqlarda sizni zamonaviy ilmlardan, til o‘rganishdan va taraqqiyotdan to‘smoqchi bo‘lgan virtual “donishmand”larning gaplariga tanqidiy munosabatda bo‘ling. Zero, millatni yengish uchun uni qurol bilan vayron qilish shart emas, uni ilmdan, kitobdan va tafakkurdan ayirishning o‘zi kifoya.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

 

MAQOLA