2024 yil 22 oktyabr kuni navbatdagi sayyor yig‘ilish Narpay tumanida bo‘lib o‘tdi. Viloyatdagi 16 ta shahar-tuman bosh imom xatiblari va iqtidorli imom-xatiblar tumandagi 18 ta masjid imom-xatiblari hamrohligida 18 ta mahallaga tarqalib, joylarda aholining kam ta’minlangan va notinch oilalarda bo‘ldi.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil etildi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan birga, viloyat ishchi guruhi Narpay tumanidagi 18 ta masjidda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar qildi va ularning muammo va takliflarini tingladilar.
Mazkur tadbirlardan so‘ng sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Narpay tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, tumanda diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar hamda namozxonlar tomonidan qilinayotgan shikoyatlar muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. Yo.Mansurov bevosita bosh bo‘ldi. Unda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholining muammolarini yanada chuqurroq o‘rganib, ularni bartaraf etish, ular bilan yanada yaqin bo‘lish, sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV