Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Noyabr, 2026   |   5 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:49
Quyosh
07:11
Peshin
12:13
Asr
15:23
Shom
17:07
Xufton
18:23
Bismillah
15 Noyabr, 2026, 5 Jumadul soni, 1448

2 tangaga sotilgan iymon

28.10.2024   7965   4 min.
2 tangaga sotilgan iymon

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ibn Abid Dunyo «Makoidush shayton» nomli kitobida keltiradi:

Hasan Basriy aytadi:

«Bir qavm Allohni qo‘yib bir daraxtni tanlab olib, unga sig‘ina boshladi. Bundan xabar topgan bir kishi qo‘liga boltasini olib, daraxtni kesib tashlash uchun yo‘lga tushdi. Daraxt oldida odam qiyofasidagi Iblis uni qarshi oldi.

– Ey odam, nima uchun daraxtni kesmoqchisan? – deb so‘radi Iblis.

– Qavmim Allohni qo‘yib bu daraxtga sig‘inib adashmoqda, gunohga botmoqda, – dedi kishi.

Iblis dedi:

– Sen u daraxtga ibodat qilmaysan-ku, uning senga nima zarari bor?

– Baribir kesaman!

 Iblis uni man qilmoqchi bo‘ldi. Ular kurashib ketishdi. Haligi kishi Iblisni yiqitdi. Shunda Iblis unga dedi:

– Senga bundan yaxshiroq taklifim bor. Sen daraxtni kesmaysan. Buning evaziga har kuni yostig‘ing ostida ikki dinor paydo bo‘ladi!

Bunga kim kafil bo‘ladi?

– Men!

Haligi kishi har tong yostig‘i ostidan ikki tanga olib nafsi va ehtiyojini qondira boshladi. Shu zaylda kunlar o‘taverdi, daraxtni va unga sig‘inuvchi qavmni unutdi. Kunlarning birida yostig‘i ostiga qarasa, tangalar yo‘q. G‘azablanib, shaytonni uchratish maqsadida daraxt tomon yurdi. Shunda Iblis unga yana yuqoridagi odam qiyofasida ko‘rindi va so‘radi:

– Nega kelding?

– Kishilar Allohni qo‘yib bunga ibodat qilayotgan daraxtni kesaman!

Iblis uni man qilmoqchi bo‘ldi. Jang boshlandi. Bu safar Iblis g‘olib bo‘ldi. U kishi so‘radi:

– Nega oldingi safar men g‘olib bo‘lgan edim-u, bu safar sen g‘olib bo‘lding?

Iblis dedi:

– Oldingi safar Alloh uchun g‘azab qilib kelgan eding. Alloh senga yordam berdi. Bu safar esa ikki dinor uchun kelding. Alloh menga yordam berdi!».

Allohning rizosi qasd qilinmagan har qanday katta amal qiyomat kuni to‘zonga aylanadi. Aksincha, amal kichkina va oz bo‘lsa-da, ammo undan Allohning rizosi maqsad qilinsa u ko‘p va maqbul amal hisoblanadi. Alloh taolo faqatgina fe’llarga emas, niyatlarga qarab ham ajr beradi.

 

*****

Muso alayhissalomning davrida qahatchilik keldi. Ekinlar quridi, oziq-ovqat kamayib ketdi. Insonlar qashshoqqa aylanishdi. Shunda faqirlardan biri oldidagi toqqa nazar solib dedi: «Ey Robbim! Agar menda mana shu tog‘ qadar oltin bo‘lganida bandalaringga sadaqa qilgan bo‘lar edim!».

Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib dedi: «U bandamga ayt, Men uning sadaqasini qabul qildim!».

Alloh taolo uning niyati sodiqligini bildi. Umuman sodir bo‘lmagan amal uchun ajrni mukammal qilib berdi.

Qancha-qancha amallar bor, qancha-qancha ibodatlar bor, ularga riyo aralashgani sabab, ibodatlar odamlar oldida faxrlanish uchun qilingani bois ularni Alloh qabul qilmaydi.

Aksincha, qancha-qancha oddiy amallar bor, niyatlar uni kattalashtirib yuboradi.

Yo‘l o‘rtasida tushib yotgan va kishilarga xalaqit qilayotgan shoxni odamlarga aziyat bermasligi uchun olib tashlagani uchun bir kishi jannatga kirdi. E’tibor bering, bitta shox evaziga jannat. Zero niyat buyuk!

Bani Isroildagi zinokor ayol bir itni sug‘organi uchun Alloh uni mag‘firat qilib jannatga kiritdi. Zero o‘sha lahzada uning qalbida rahmat, xolis niyat namoyon bo‘lgan edi. Holbuki itni sug‘orish zinoga kafforat bo‘lmaydi!

Niyatlaringizni isloh qiling. Ularga ko‘ra ajrlanasiz!

Tabuk jangidan qaytishda Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga dedilar:

«Madinada shunday kishilar borki, ular siz bilan birga yurishdi, vodiylarni kesib o‘tishdi, ajrda sizga sherik bo‘lishdi. Ularni bemorlik Madinada tutib qoldi!».

Abdulqodir Polvonov
«Hilol» jurnali 3(60) son

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hamdardlik bildiramiz

14.11.2026   51796   1 min.
Hamdardlik bildiramiz

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idoraning Matbuot va media bo‘limi xodimi Davronjon Tursunovning volidai muhtaramalari vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.


Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!

Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan hoji onaning yaqinlariga xususan, Davronjon hoji Tursunovga hamdardlik bildiramiz.

Janoza namozi bugun, asr namozidan so‘ng "Eshonxo‘ja ota" jome masjidida o‘qiladi.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Muslim.uz

O'zbekiston yangiliklari