#xabar #uchrashuv
Shu yilning 23-26 oktyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonda xizmat safarida bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari Abdulsalom Hanafiy, Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Nur Muhammad Saqib, Oliy ta’lim vaziri Neda Muhammad Nadim, Balh viloyati hokimi o‘rinbosari Abdulxodi Abu Idris va Kobul ulamolar kengashi raisi Muhammad Ruhoniy kabilar bilan muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotgani, turli yo‘nalishlardagi hamkorlik munosabatlari, yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik aloqalari mustahkamlanayotganini ta’kidladilar.
Xususan, Afg‘oniston tomoni davlatimiz rahbari bir necha bor dunyo hamjamiyatiga ushbu yurtda tinch va osuda hayot uchun taqdim etgan tashabbuslari o‘zining ijobiy samarasini berayotganini alohida qayd etdilar. Ayniqsa, O‘zbekistonning Afg‘oniston xalqiga va uning amaldagi hokimiyatiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, tinchlik qaror topishi va dolzarb muammolarni hal etishdagi yordamlari yuqori baholandi.
O‘z navbatida Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimiz taraqqiyotining yangi davrida barcha sohalar qatori, diniy-ma’rifiy jabhada ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar bo‘layotgani, xususan, yangi masjid-madrasalar, ochilayotgani, Qur’oni karim kurslari faoliyat yuritayotgani, Fatvo markazi ish boshlagani, haj va umra qiluvchilar soni oshayotgani va Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihalar ishga tushirilayotganini alohida qayd etdilar. O‘zbekiston ulamolarining Afg‘oniston diyoriga tarixiy tashrifi ham mana shunday yangilanishlarning uzviy davomi ekani e’tirof etildi.
Din peshvolari o‘zbek va afg‘on xalqlarini azal-azaldan yagona din, mushtarak maqsadlar birlashtirib turishini ifodalash barobarida ulamolar hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot, ta’lim-tarbiya, o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda aloqalarni joriy etish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Afg‘onistonlik mutasaddilar O‘zbekiston zamini qadim-qadimdan ilm-ma’rifat taraqqiy etgan yurt ekani, dunyo tamadduniga hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutafakkirlar yetishib chiqqanini e’tirof etish barobarida ayni kunlarda ham ushbu diyorda turli sohalar jadal ravnaq topayotgani, ayniqsa, diniy sohada yaxshi natijalarga erishilayotganini e’tirof etdilar. Xususan, Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Nur Muhammad Saqib janoblari joriy yil mart oyidagi O‘zbekistonga qilgan tashrifi juda katta taassurot qoldirganini mamnuniyat bilan esga oldi.
Mezbonlar Balh viloyatida Imom Buxoriy madrasasi bunyod etilayotgani, O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida barpo etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi hamda insonparvarlik yordamlari uchun Afg‘oniston xalqi nomidan O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga minnatdorlik izhor etdilar.
Safar asnosida mamlakatimiz tomonidan barpo etilayotgan Balh viloyatidagi Imom al-Buxoriy madrasasi, Mozori Sharif shahrida joylashgan “Ravzai Sharif” masjid-majmuasi, Kobul shahridagi “Pag‘mon qasri” majmuasi kabilarni ziyorat qilindi. Shuningdek, Kobul shahrida joylashgan “Bobur” qadamjosida Qur’oni karim tilovat qilinib, buyuk shoir, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur ruhi shod etildi.
O‘zbekiston ulamolarining Afg‘oniston safari ikki mamlakat din peshvolari hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.
Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:
«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».
Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.
Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati